Tramp Eronning savdo hamkorlariga boj solishni boshlaydi
Olam
−
15:21 855 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan savdo qilayotgan davlatlardan AQSHga yetkazib beriladigan tovarlarga qo‘shimcha bojlar joriy etish imkonini nazarda tutuvchi farmonni imzoladi. Bu haqda kecha, 6 fevral kuni Oq uy saytida xabar berildi.
Farmon Qo‘shma Shtatlarga Erondan “to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita har qanday tovar yoki xizmatlarni sotib oladigan, import qiladigan yoki boshqa yo‘l bilan qo‘lga kiritadigan” istalgan davlatdan import qilinadigan mahsulotlarga qo‘shimcha bojlar kiritish imkonini beruvchi tizimni tasdiqlaydi.
Shu bilan birga, hujjatda Tramp vaziyat o‘zgargan taqdirda, jumladan, Eron milliy favqulodda holatni hal etish bo‘yicha “sezilarli qadamlar” tashlasa, ushbu qarorni o‘zgartirishi mumkinligini qayd etgan.
“Prezident Eronni yadro salohiyatiga intilishi, terrorizmni qo‘llab-quvvatlashi, ballistik raketalar ishlab chiqishi va mintaqaviy beqarorlikni kuchaytirgani uchun javobgarlikka tortmoqda. Bular AQSH xavfsizligi, ittifoqchilari va manfaatlariga tahdid soladi”, deyiladi hujjatda.
Ma’lumot uchun, 2025 yilda O‘zbekiston va Eron o‘rtasida qariyb 580 mln AQSH dollari miqdorida savdo aylanmasi bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 6 fevral kuni Maskat (Ummon) shahrida AQSH va Eron o‘rtasida yadro dasturi bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu 2025 yil iyunidan buyon ilk uchrashuv bo‘ldi. O‘shanda AQSH va Isroil Eronning yadro ob’ektlariga zarba bergan edi.
Joriy yilning fevral oyida “The New York Times” gazetasi tomonidan o‘tkazilgan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari tahliliga ko‘ra, Eron zarbalar oqibatida shikastlangan bir necha ballistik raketa ishlab chiqarish quvvatlarini tezda tiklagan va Isroil hamda AQSH hujumlariga uchragan yirik yadro ob’ektlarini qisman ta’mirlagan bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jon Bolton muzokaralar qayerda o‘tkazilishidan qat’i nazar – Ummon, Turkiya yoki “Oyda” bo‘lishidan qat’i nazar – natija bermasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlarda bu masala bo‘yicha kelishuvga erishish imkoniyati yo‘q.
Live
Barchasi