Tramp Eronning 48 soat vaqti qolganini aytdi
Olam
−
04 aprel 2415 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronga Hormuz bo‘g‘ozini ochish bo‘yicha qo‘yilgan ultimatum muddati tugab borayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining Truth Social tarmog‘idagi sahifasida yozdi.
“Eronga kelishuv tuzish yoki Hormuz bo‘g‘izini ochish uchun o‘n kun vaqt berganimni eslang. Vaqt tugamoqda – ularga butun do‘zax azobi yog‘ilishiga 48 soat qoldi”, deb yozdi Amerika yetakchisi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Eronning energiya ob’ektlariga zarba berishni avval besh, keyin esa o‘n kunga vaqtincha cheklaganini aytgan edi. O‘n kunlik muhlat ikki kundan keyin – 6 aprel kuni tugaydi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, u Tehron bilan konstruktiv muzokaralar fonida shunday qarorga kelgan. Shu bilan birga, Eron rasmiylari to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar bo‘layotganini inkor etmoqda.
Zarbalarni qisman cheklashdan oldin Tramp Eronga ultimatum qo‘yib, agar Tehron 48 soat ichida Hormuz bo‘g‘ozini ochmasa, mamlakatdagi barcha elektr stansiyalarini yo‘q qilish bilan tahdid qilgan edi. Eron rasmiylari bunga javoban AQSHning Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi energetika infratuzilmasini yo‘q qilishga, shuningdek, Hormuz bo‘g‘ozini to‘liq yopib qo‘yishga va’da berdi.
Tramp 2 aprel kuni o‘z tahdidlarini takrorladi. Uning ta’kidlashicha, agar Eron kelishuvga rozi bo‘lmasa, AQSH “ularning har bir elektr stansiyasiga juda kuchli va ehtimol bir vaqtning o‘zida zarba beradi”.
Mart oyi oxirida Tramp Eron bilan muzokaralarda jiddiy progressga erishilganini yozgan edi. O‘shanda u Vashington “yangi, ancha oqilona rejim” bilan muzokara olib borayotganini qayd etgandi. Prezident, shuningdek, Tehron AQSHning 15 banddan iborat tinchlik rejasining aksariyatiga rozi bo‘lganini aytgandi.
“Bloomberg” xabariga ko‘ra, AQSH taklifi 12 ta talabni o‘z ichiga oladi, jumladan, Eronning uranni boyitishdan voz kechishi, qurolli proksi-guruhlarni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishi va Hormuz bo‘g‘ozini ochishi. Buning evaziga Vashington uchta tashabbusni taklif qilmoqda, ular orasida sanksiyalarni bekor qilish va fuqarolik yadro energetikasini rivojlantirishga ko‘maklashish bor. “Reuters” manbasining aniqlik kiritishicha, Eron mulozimlari bu rejani “bir tomonlama” va muvaffaqiyat uchun minimal shartlarga ega emas deb hisoblagan.
Biroq aprel oyi boshida Eronning “Fars” agentligi ma’lumotli manbaga tayanib, Eron AQSHning 48 soatlik o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi taklifini rad etganini xabar qildi. Pokistondagi muzokarachilar uchrashuvi ham natija bermagan, chunki Eron rahbariyati Vashington bilan muloqotga intilmayapti.
“The Wall Street Journal” (WSJ) yozishicha, mintaqa davlatlarining Pokiston boshchiligida AQSH va Eron o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatishga erishish borasidagi hozirgi sa’y-harakatlari boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Tehron yaqin kunlarda Islomobodda Amerika rasmiylari bilan uchrashishni istamayapti va AQSH talablarini qabul qilib bo‘lmas deb atamoqda.
Live
Barchasi