Tramp Eronga qarshi operatsiya qancha davom etishini aytdi
Olam
−
08:53 12000 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi harbiy operatsiya taxminan to‘rt hafta davom etishi mumkinligini aytdi. Bu haqda u “Daily Mail” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, operatsiya boshidanoq taxminan to‘rt haftalik jarayon sifatida rejalashtirilgan.
Tramp Eron katta davlat ekanini ta’kidlab, operatsiya to‘rt haftadan ham kam vaqtda yakunlanishi mumkinligini istisno qilmagan. Uning aytishicha, ishlar reja asosida ketmoqda va kutilgandan ko‘ra ko‘proq natijaga erishilgan.
Yana bir intervyusida u operatsiya to‘rt-besh hafta davom etishi mumkinligini bildirgan. Prezidentning ta’kidlashicha, AQSHda yetarli miqdorda o‘q-dori mavjud va zarbalar shiddatini saqlab qolishda muammo bo‘lmaydi.
Avvalroq, Britaniyaning yana bir nashri Isroil razvedkasi vakiliga tayanib, AQSHning harbiy imkoniyatlari kuchli bombardimonlar uchun 4–5 kunga, kamroq shiddatdagi hujumlar uchun esa bir haftaga yetishi mumkinligini xabar qilgan edi.
AQSH–Isroil–Eron urushi
Kecha, 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.
Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.
Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga “immunitet” olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.
Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.
Avvalroq, Eron davlat televideniyesi Xomanaiy Isroil va AQSH tomonidan o‘ldirilganini xabar qilgan edi. Eronning “Tasnim” axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, u kecha, 28 fevral kuni ertalab o‘z ishxonasida o‘ldirilgan. Oyatullohning vafoti munosabati bilan mamlakat bo‘ylab 40 kunlik umumxalq motami va 7 kunlik umumxalq dam olish kunlari e’lon qilindi.
Shuningdek, Eron hududiga uyushtirilgan hujum chog‘ida Oyatullohning oila a’zolaridan to‘rt kishi – qizi, kuyovi, nabirasi va kelinlaridan biri ham halok bo‘lgan.
Qayd etish joiz, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Islom Respublikasi Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning vafoti tasdiqlanganidan so‘ng, mamlakat “Qurolli kuchlari tarixidagi eng shiddatli hujum operatsiyasi” boshlanganini ma’lum qilgandi.
Shundan so‘ng, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi mamlakat Isroil va AQSHga qarshi yangi hujumlar boshlanganini e’lon qildi.