Tramp Eronga hech qanday pul ajratilmaganini ma’lum qildi

Olam

image

Avvalroq, CNN telekanali o‘zining to‘rt nafar manbasiga tayanib, AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Eron uranni boyitish va yadroviy bomba yaratishdan voz kechsa, unga 30 milliard dollar miqdorida yordam ajratish masalasini muhokama qilayotgani haqida xabar bergandi. Tramp ushbu iddaolar yolg‘on ekani haqida aytdi. Bu haqda Oq uy rahbari o‘zining Truth Social tarmog‘ida yozib qoldirdi.

Oq uy rahbarining so‘zlariga ko‘ra, matbuotda tarqalayotgan yangiliklar mutlaqo asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. 

“Ommaviy axborot vositalarida soxta yangiliklar tarqatuvchilar sharmandali odamlar sanaladi. Go‘yoki, “Prezident Tramp Eronga 30 milliard dollar bermoqchi emish”. Bu kabi xabarlarga asos yo‘q”, deya yozadi Tramp. 

U shuningdek, bu kabi xabarlar AQSH rahbarining obro‘sini tushirishga qaratilgani va tarqatuvchilar kasal ekani haqida ham bildirgan. 

“Men bu bema’ni g‘oyani hech qachon eshitmaganman. Bu – yana bir yolg‘on, soxta xabar, faqat obro‘yimni tushirish uchun tarqatilgan. Bu odamlar haqiqatdan ham kasal”, deya qo‘shimcha qilgan AQSH Prezidenti. 

CNN kanalining yozishicha, ushbu mablag‘lar Eronning tinch yadroviy dasturini rivojlantirish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, pullar AQSHdan emas, balki Isroil va Eron o‘rtasidagi urushdan avval bu masalada suhbatlashilgan arab davlatlaridan kelishi ko‘zda tutilgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron parlamenti Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bilan hamkorlikni to‘xtatishni ma’qullagan edi. AQSHning joriy yilning 22 iyunga o‘tar kechasi uyushtirgan hujumidan ham oldin Eron MAGATE xodimlarining o‘z yadroviy ob’ektlariga kirishini keskin cheklagandi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning may oyi o‘rtalariga kelib, Eron taxminan 409 kg yuqori darajada boyitilgan uranga ega bo‘lgan. Bu miqdor taxminan o‘nta yadro quroli ishlab chiqish uchun yetarli bo‘lishi mumkin. MAGATE rahbari Rafael Grossi bu moddalar qayerda saqlanayotganini aniqlash imkoni yo‘qligini bildirgan. Eron esa bu zaxiralarni hujumlardan avval boshqa joyga ko‘chirib ulgurganini da’vo qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing