Tramp Erondan keyingi nishonni aytdi
Olam
−
06 mart 39177 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Kuba Eron bilan bog‘liq vaziyat hal etilganidan keyin Vashingtonning navbatdagi diqqat markaziga aylanishi mumkinligini bildirdi. Bu haqda u “Politico” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Ushbu bayonot AQSH va Isroil tomonidan Tehronga qarshi fevral oyi oxirida boshlangan harbiy operatsiya fonida yangradi. Tramp jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida Kubadagi vaziyatni “hayratlanarli” deb atab, Yaqin Sharqdagi mojaro yakunlangach, AQSH Kubaga ham e’tibor qaratishini bildirdi.
Shu bilan birga, u qanday choralar ko‘rilishi mumkinligi haqida aniq ma’lumot bermadi va buni faqat vaqt masalasi ekanini ta’kidlash bilan cheklandi.
Ayni paytda Isroil hukumati Eronga qarshi operatsiyadan maqsad mamlakatda yadroviy qurol paydo bo‘lishining oldini olish ekanini ma’lum qilgan. AQSH esa Eron xalqini hokimiyatni o‘zgartirishga chaqirib, mamlakatning harbiy infratuzilmasi, jumladan flot va mudofaa zavodlarini yo‘q qilish bilan tahdid qilgan.
Eron esa javob sifatida Isroil hududiga va mintaqadagi AQSH ob’ektlariga zarbalar bergan.
Tahlilchilarga ko‘ra, Kubaning ehtimoliy geosiyosiy nishonlar qatoriga kiritilishi Trampning avvalgi prezidentlik davrida ham Kubaga nisbatan yuritgan qat’iy siyosati davomi sifatida baholanmoqda. U o‘sha vaqtda Barak Obama davrida boshlangan qisqa “iliqlashuv” siyosatidan voz kechib, Kubaga bosimni yana kuchaytirgan edi.
Hozircha Kubaga qarshi ehtimoliy harakatlar tafsilotlari ochiqlanmagan, ammo Oq uy Gavanani Tehron bilan uzoq yillik siyosiy aloqalarini hisobga olgan holda bir geosiyosiy yo‘nalishda ko‘rayotgani ta’kidlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Respublikachilar partiyasidan senator Lindsi Grem “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida Erondagi vaziyat fonida Vashingtonning navbatdagi e’tibori Kubaga qaratilishi mumkinligini aytgandi.
Live
Barchasi