Tramp dunyodagi “eng faol terrorchi” o‘ldirilganini e’lon qildi
Olam
−
16 may 8210 2 daqiqa
Qo‘shma Shtatlar va Nigeriya ISHIDning eng faol terrorchisi deb atalgan Abu-Bilol al-Minukini yo‘q qilish bo‘yicha qo‘shma operatsiya o‘tkazdi. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
“Bugun tunda mening ko‘rsatmamga binoan dovyurak Amerika kuchlari va Nigeriya Qurolli kuchlari dunyodagi eng faol terrorchini jang maydonidan yo‘q qilish bo‘yicha puxta rejalashtirilgan va o‘ta murakkab missiyani benuqson bajardilar.
ISHIDning global iyerarxiyasida ikkinchi shaxs bo‘lgan Abu-Bilol al-Minuki Afrikada yashirinib olaman deb o‘ylagandi, biroq u bizning ixtiyorimizda uning har bir qadamidan xabardor qilib turgan manbalar borligini xayoliga ham keltirmagandi. U endi Afrika xalqini terrorga sola olmaydi yoki amerikaliklarga qarshi qaratilgan operatsiyalarni rejalashtirishda yordam bera olmaydi. Uning yo‘q qilinishi bilan ISHIDning global faoliyati sezilarli darajada zaiflashdi. Ushbu operatsiyadagi hamkorlik uchun Nigeriya hukumatiga minnatdorlik bildiraman”, deydi Tramp.
“Euronews” ma’lumotlariga ko‘ra, al-Minuki 2018 yilda guruhning G‘arbiy Afrikadagi avvalgi rahbari Mamman Nur halok bo‘lganidan keyin mintaqaviy qo‘mondonlardan biriga aylangan. U “ashaddiy radikal jangari” sifatida tavsiflangan, 2023 yildan boshlab esa AQSH uni rasman terrorchilar ro‘yxatiga kiritgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriyaning Al-Hol lageridan 20 mingdan ortiq mahbus qochib ketgani haqida xabar berilgan edi. Qochgan shaxslar Suriyaning turli hududlariga tarqalib ketgan.
Live
Barchasi