Tramp butun dunyo kutgan xabarni ma’lum qildi
Olam
−
12:31 1641 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan davom etayotgan urush joriy yilning 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan AQSH oraliq saylovlaridan keyin tugashini aytdi. Bu haqda u kecha, 9 sentyabr kuni Vashington yaqinidagi Joint Base Andrews harbiy bazasida jurnalistlarga ma’lum qildi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Eron urushga bundan ortiq bardosh bera olmaydi. U Tehron saylovlarga ta’sir o‘tkazishga urinish uchun “umidsiz ahvolga tushib qolganini” bildirgan.
“Menimcha, urush saylovdan keyin tugaydi, chunki ular endi bundan ortiq bardosh bera olmaydi. Ular saylovga ta’sir o‘tkazishga urinish uchun umidsiz ahvolda”, degan Tramp.
Shuningdek, AQSH Prezidenti Eron bilan muzokaralar o‘tkazish ehtimolini ham butunlay istisno qilmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar bo‘lishi mumkin, biroq hozirda Vashington bunday imkoniyatni ko‘rib chiqmayapti.
“Muzokara bo‘lishi mumkin, ammo hozir biz ko‘rib chiqayotgan masala bu emas”, degan u.
Tramp, shuningdek, AQSHning Eronga qarshi operatsiyalari davom etishiga ishora qilgan.
“Bundan ham ko‘prog‘ini ko‘rasiz”, dedi AQSH Prezidenti hujumlar haqida.
Qayd etilishicha, Eron AQSH tomonidan 5 ta Eron neft tankeriga zarba berilganidan so‘ng, Hormuz bo‘g‘ozi yaqinida 10 ta kemani nishonga olganini ma’lum qilgan. Mintaqadagi keskinlikning kuchayishi fonida Brent neftining bir barreli narxi 100 dollardan oshgan.
Tramp urushning tugashi neft narxlarining ham pasayishiga olib kelishini aytgan. U narxlar AQSHdagi oraliq saylovlardan keyin tezda tushishini kutayotganini bildirgan.
Ushbu bayonotlar Eron bilan urush yettinchi oyga kirgan va Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi o‘zaro hujumlar yana kuchaygan bir paytda yangragan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yilning noyabr oyidagi Kongress saylovlarida respublikachilar nazoratni saqlab qolsa, har bir katta yoshli amerikalikka 5 ming dollardan “Tramp dividendi” to‘lashni va’da qilgan edi.
Live
Barchasi