Tramp bosh-qosh bo‘lgan tinchlik kelishuvi bekor qilindi
Olam
−
11 noyabr 2025 12134 2 daqiqa
Kecha, 10 noyabr kuni Tailand va Kambodja o‘rtasidagi umumiy chegarada minalar portlashi oqibatida askarlar jarohatlangach, bugun, 11 noyabr kuni ikki davlat o‘rtasidagi tinchlik kelishuvi to‘xtatildi. Bu haqda Tailand Bosh vaziri Anutxin Chanvirakun bayonot e’lon qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Tailand Kambodja bilan tuzilgan Kuala-Lumpur tinchlik kelishuvini to‘xtatmoqda. Ushbu kelishuv qurolsizlanish choralarini ko‘rishni va ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirishni ko‘zda tutardi.
“Bloomberg” nashrining yozishicha, Tailand, shuningdek, tinchlik kelishuviga ko‘ra joriy yilning 21 noyabrida ozod qilinishi kerak bo‘lgan 18 nafar Kambodja askarini ham ozod etish jarayonini to‘xtatadi.
“Tailand armiyasiga ko‘ra, Si Sa Ket viloyatida patrul paytida askarlar yaqinda o‘rnatilgan minani ustidan bosib o‘tgan. Bu so‘nggi to‘rt oy ichida yettinchi shunday portlashdir”, deyiladi xabarda.
Ayni paytda Kambodja Mudofaa vazirligi vakillari OAV so‘rovlariga izoh bermagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 oktyabr kuni Tailand va Kambodja rahbarlari mojaroni hal etish bo‘yicha deklaratsiyani imzolagan edi. AQSH Prezidenti Donald Tramp ham hujjatni imzolash marosimida ishtirok etgan.
Bundan avval, ya’ni 24 iyul kuni ikki mamlakat harbiylari o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lgandi. Hammasi chegaradagi bahsli hududda quruqlikdagi qo‘shinlar o‘rtasidagi otishma bilan boshlangan. Oradan bir necha kun o‘tib, Tailand va Kambodja o‘t ochishni to‘xtatish haqida kelishuvga erishgan. Shundan so‘ng, Tramp Tailand va Kambodja rahbarlari bilan suhbatdan keyin o‘zini “tinchlik Prezidenti” deb atab, olti oy ichida dunyodagi ko‘plab urushlarga barham berganini aytgan edi.
Live
Barchasi