Tramp BMT o‘rnini “Tinchlik kengashi” egallashi mumkinligini aytdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp kelajakda Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘rnini yaqinda tuzilgan “Tinchlik kengashi” egallashi mumkinligini istisno qilmadi. Prezidentning bu haqdagi so‘zlarini “The Wall Street Journal” nashri keltirdi.

Jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, Oq uy rahbari hozirgi BMT tuzilmasi uning nazarida samarasiz ishlayotganini ta’kidlagan. 

“Ehtimol, men boshchiligimdagi yangi kengash BMTning o‘rnini egallashi mumkin”, degan Oq uy rahbari. 

U BMT o‘z vazifasini lozim darajada bajarmayotgani, shu sababli xalqaro hamkorlikning muqobil mexanizmlarini izlash zarurati tug‘ilayotganini aytgan. Shu bilan birga, AQSH prezidenti hozirgi paytda Birlashgan Millatlar Tashkilotining salohiyati juda katta ekanini tan olgan va bu tashkilotga o‘z faoliyatini davom ettirish imkonini berish kerakligini ham qayd etgan. Tramp tomonidan “Tinchlik kengashi”ni tuzish tashabbusi jahon tartibining yangi qoidalarini majburan o‘rnatishga urinish sifatida baholanmoqda. 

Tahlilchilarning fikricha, BMT Xavfsizlik kengashida veto huquqiga ega bo‘lgan Xitoy, Rossiya, Fransiya va Buyuk Britaniya ushbu organni Tramp taklif qilayotgan “Tinchlik kengashi” bilan almashtirishga deyarli rozi bo‘lmaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tinchlik kengashi” ustavini imzolash marosimi joriy yilning 22 yanvar kuni Davosda bo‘lib o‘tishi haqida xabar berilgan edi. Nizom loyihasiga ko‘ra, Tramp organning birinchi raisi bo‘ladi va yangi a’zolarni taklif qilish bo‘yicha qarorlarni shaxsan o‘zi qabul qiladi. Tashkilotning doimiy a’zosi maqomini olish uchun AQSH ma’muriyati davlatlardan birinchi yil davomida kamida 1 milliard AQSH dollari miqdorida badal to‘lashni talab qiladi. 

“Bloomberg”ning qayd etishicha, bunday moliyaviy sharoit ko‘plab jahon yetakchilarini hayratda qoldirdi va keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi. Dastlab kengash G‘azo sektorini tiklashni nazorat qilish uchun tashkil etilgan bo‘lsa-da, Nizom matni BMTga muqobil bo‘lishi mumkin bo‘lgan tashabbusning kengroq va global ambitsiyalarini ko‘rsatadi. Ba’zi taklif qilingan tomonlar Tramp rais sifatida yangi tuzilma mablag‘lari ustidan yagona nazoratni qo‘lga kiritishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.

 


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Birlashgan Millatlar Tashkiloti Tinchlik kengashi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing