Tramp BBC’ni sudga bermoqchi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Britaniyaning BBC kompaniyasini unga nisbatan “yolg‘on, tuhmat, haqoratli va g‘azab uyg‘otuvchi bayonotlar” berganlikda ayblab, 1 milliard dollargacha zarar undirish uchun sudga berish bilan tahdid qilmoqda. Bu haqda “Fox News” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, Trampning huquqshunoslari BBC’dan uch narsani talab qilgan: “Panorama” nomli hujjatli filmni efirdan olib tashlash, rasmiy kechirim so‘rash va 1 milliard dollar miqdorida tovon to‘lash.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, BBC 2024 yil oktyabr oyida efirga uzatgan “Panorama” dasturida uning 2021 yil 6 yanvarda aytgan nutqini tahrir qilib, go‘yo u tarafdorlarini Kongressni bosib olishga chaqirgandek ko‘rsatgan.

Aslida esa Tramp o‘sha nutqida fuqarolarga tinch yo‘l bilan o‘z fikrini bildirish zarurligini aytgan edi. Filmda esa nutq parchalari kesilib, Kongress binosiga yurib borayotgan odamlar tasvirlari bilan birlashtirilgan, bu esa tomoshabinda Tramp ularni harakatga undagandek taassurot qoldirgan.

Mazkur mojaro ortidan BBC bosh direktori Tim Deyvi va yangiliklar bo‘limi rahbari Debora Terness iste’foga chiqqan. BBC raisi Samir Shoh esa bu tahrir “xato qaror” bo‘lganini tan olgan va jamoatchilikdan uzr so‘ragan.

Trampning advokati 14 noyabrgacha BBC talablarni bajarmasa, AQSHning Florida shtatida sud ishi ochilishini ma’lum qilgan.

Ma’lumot uchun, 2021 yilda Tramp tarafdorlari AQSH Kongressiga bostirib kirgan voqea ortidan u “tartibsizlikni qo‘zg‘atganlikda” ayblanib, impichment jarayoniga tortiladi. Biroq Senat uni aybsiz deb topgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing