Tramp AQSHdan ketadigan migrant o‘smirlarga 2,5 ming dollardan to‘lamoqchi
Olam
−
04 Oktabr 2025 2507 1 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati 14 yoshdan katta bo‘lgan norasmiy migrant o‘smirlarga o‘z ixtiyori bilan vatanlariga qaytgan taqdirda 2500 dollar miqdorida to‘lov taklif qilmoqchi. Bu haqda migrantlar uchun joylashtirish markazlariga yuborilgan elektron xatga tayanib, “Associated Press” agentligi xabar berdi.
Hatga ko‘ra, o‘smirlarga o‘z yurtlariga ixtiyoriy ravishda qaytish evaziga ushbu mablag‘ni olish taklif qilinadi va ularga bu taklifga javob berish uchun 24 soat vaqt beriladi.
Ayni paytda AQSH Immigratsiya va bojxona xizmati (ICE) ushbu tashabbusning kuchga kirish sanasi haqida hali ma’lum qilmagan. Shuningdek, taklifni rad etganlar uchun qanday choralar ko‘rilishi haqida ham hech narsa aytilmagan. Boshpanalar rahbarlaridan esa bu tashabbusni to‘rt soat ichida ma’qullash so‘ralgan.
ICE ma’lumoticha, dastlab taklif 17 yoshli o‘smirlarga qaratilgan bo‘ladi. To‘lov faqat sud tasdig‘i olinganidan va bola o‘z vataniga yetib borganidan so‘ng amalga oshiriladi.
Bundan oldin AQSH hokimiyatlari qonuniy maqomdan mahrum bo‘lgan migrantlarga mamlakatni tark etish talabini bildirgan xatlar yuborishni boshlagan edi. Shu bilan birga, o‘z ixtiyori bilan chiqib ketishni boshlaganlarga yo‘l xarajatiga yordam ko‘rsatilishi va vataniga yetib borganidan so‘ng 1000 dollar to‘lanishi haqida ham xabar berilgan edi.