Tramp AQSHdagi ommaviy noroziliklarni jilovlay olmayapti (video)
Olam
−
15:05 6630 2 daqiqa
AQSHning shimolidagi yirik shaharlardan biri – Minneapolisda minglab odamlar ko‘chalarga chiqdi. Namoyishchilar Prezident Donald Tramp qo‘llab-quvvatlayotgan federal immigratsiya agentlari shaharni tark etishini talab qildi. Yana 46 ta shtatda norozilik namoyishlari o‘tkazilishi kutilmoqda. Bu haqda bugun, 31 yanvar kuni “Reuters” xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, noroziliklar Tramp ma’muriyatining immigratsiyaga qarshi “Metro Surge” operatsiyasi bo‘yicha bir-biriga zid bayonotlari fonida avj olgan. Norozilik namoyishlari fonida Tramp Minneapolis hududiga taktik kiyimdagi 3 ming nafar federal zobitni yubordi. Bu kuch Minneapolis politsiya departamenti sonidan qariyb besh baravar ko‘p.
AQSH Immigratsiya va bojxona xizmati (ICE) tomonidan qo‘llanilgan keskin uslublarga norozilik bildirgan minglab odamlar Minneapolis markazida, sovuq havo sharoitiga qaramay, to‘planishdi. Namoyishchilar orasida yosh bolali oilalar, keksalar va faol yoshlar ham bo‘lgan.
Aholi “ICE yo‘q” yozuvli sviterlar kiyib, agentlik shaharni tark etishini talab qiluvchi plakatlar bilan chiqdi. Ular AQSH ga o‘zlarini xavfsizroq va yaxshiroq hayot izlab kelganini ta’kidlashmoqda.
Noroziliklar faqat Minnesota shtati bilan cheklanib qolmadi. Tashkilotchilar 46 shtatda, jumladan, Nyu-York, Los-Anjeles, Chikago va Vashington kabi yirik shaharlarda “Ish yo‘q. Maktab yo‘q. Xarid yo‘q. ICEni moliyalashtirishni to‘xtating” shiori ostida 250 ga yaqin namoyish o‘tkazilishini ma’lum qildi.
Bu orada Donald Tramp ICE faoliyatini nazorat qiluvchi Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noemga ishonch bildirdi. Biroq, tanqidchilar uning iste’fosini talab qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHda favqulodda holat e’lon qilingani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi