Tramp AQSHda favqulodda holat e’lon qildi
Olam
−
14:00 5615 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp mamlakat energetika tizimiga solinayotgan tahdidlar munosabati bilan favqulodda holat joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda kecha, 26 avgust kuni Oq uyning veb-saytida xabar berildi.
“Energiya tizimlari uchun elektr uskunalarining xorijdan yetkazib berilishi bilan bog‘liq vaziyat AQSHning milliy xavfsizligi, tashqi siyosati va iqtisodiyotiga to‘liq yoki sezilarli darajada AQSH tashqarisidan keluvchi alohida va favqulodda tahdid tug‘diradi deb hisoblayman hamda ushbu tahdid munosabati bilan mamlakatda favqulodda holat e’lon qilaman”, deyiladi farmon matnida.
Qayd etilishicha, bu tahdid alohida bitimlar holatida ham, umumiy bitimlar holatida ham mavjud. Ushbu tahdidga qarshi kurashish uchun Qo‘shma Shtatlarda foydalaniladigan energiya tizimlari elektr uskunalarining xavfsizligi, yaxlitligi va ishonchliligini himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar zarur.
Trampning qaroriga muvofiq, xorijda ishlab chiqarilgan bir qator elektr uskunalari, muhim ahamiyatga ega dasturiy ta’minot hamda Amerika energetika tarmog‘ining zaif tomonlaridan kiberhujumlar uchun foydalanishi mumkin bo‘lgan raqamli komponentlarni xarid qilish va o‘rnatish taqiqlanadi. Bunday uskunalar qatoriga yuqori voltli transformatorlar, quyosh va akkumulyator tizimlari uchun invertorlar, generatorlar, releli himoya qurilmalari va “intellektual elektron qurilmalar” kiradi. Energetika vaziriga boshqa idoralar bilan muvofiqlashgan holda, xavflarni bartaraf etish uchun allaqachon o‘rnatilgan import uskunalardan foydalanish shartlarini, shuningdek, ushbu farmon amal qilish doirasiga tushadigan joriy va kelajakdagi bitimlarni to‘xtatish muddatlari va tartibini belgilash vakolati berilgan.
Live
Barchasi