Tramp AQSH bayrog‘ini yoqqanlarni qamoqqa tashlamoqchi
Olam
−
11 iyun 3516 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Los-Anjelesdagi namoyishchilarning harakatlarini keskin qoralab, ular milliy ramzlar va jamoat tartibiga hurmatsizlik ekanini aytdi. BU haqda u kecha, 10 iyun kuni Shimoliy Karolinadagi Fort Bragg harbiy bazasida o‘tkazilgan marosimda so‘z ochdi.
“Ular g‘urur bilan boshqa mamlakatlar bayroqlarini ko‘tarib yurishibdi, lekin ular Amerika bayrog‘ini ko‘tarishmayapti. Buning o‘rniga ular uni yoqishyapti. AQSH bayrog‘ini yoqib yuborganlar bir yil qamoq jazosiga hukm qilinishi kerak”, dedi Tramp.
U namoyishchilarning harakatlarini nomaqbul deb ta’rifladi va tartibni tiklash choralarini ko‘rganini qo‘shimcha qildi, chunki uning so‘zlariga ko‘ra, Kaliforniya hukumati "qobiliyatsiz" edi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, namoyishchilarning aksariyati shaxsiy manfaatlarni ko‘zlab namoyishlarda qatnashgan. U Los-Anjelesga Milliy gvardiyaning minglab askarlarini jo‘natganini, uning so‘zlariga ko‘ra, bu shaharning vayron bo‘lishining oldini olganini ta’kidladi.
Shu bilan birga u Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusomni “qobiliyatsiz” deb atadi.
“Kaliforniyada sodir bo‘layotgan voqealar tinchlik, jamoat tartibi va milliy suverenitetga hujumdir. Xorij bayroqlarini hilpiratgan tartibsizliklar mamlakatimizni bosib olishga intilmoqda. Biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz”, dedi Tramp.
Shuningdek, u Los-Anjelesda hibsga olinishi kerak bo‘lgan ko‘plab noqonuniy muhojirlar borligini aytdi.
Tramp bosh qo‘mondon sifatida shaharda xavfsizlikni ta’minlash uchun barcha mavjud vositalarni ishga solish niyatida ekanligini ta’kidladi, chunki unga ko‘ra, qonun unga shunday majburiyat yuklaydi. Prezident, shuningdek, 14 iyun kuni Vashingtonda Amerika armiyasi tashkil topganining 250 yilligi sharafiga keng ko‘lamli parad o‘tkazilishini eslatdi.
“Biz Birinchi jahon urushida g‘alaba qozondik. Agar Qo‘shma Shtatlar bo‘lmaganida, bugun siz nemis tilida, yapon tilida gaplashayotgan bo‘lishingiz mumkin edi. Lekin biz g‘alaba qozondik”, deb xulosa qildi u.
Los-Anjelesda Immigratsiya va bojxona nazorati (ICE) tomonidan qo‘lga olingan noqonuniy muhojirlarni qo‘llab-quvvatlash uchun namoyishlar davom etmoqda. Namoyishlar ommaviy hibsga olishlar va vaqti-vaqti bilan politsiya bilan to‘qnashuvlar bilan kechadi.
Prezident Tramp vaziyatni barqarorlashtirish uchun Milliy gvardiyani safarbar etayotganini aytib, shahar ma’muriyati va demokrat gubernatorni tartibni saqlay olmayotganlikda aybladi.
Live
BarchasiAkademik Abdulla Ubaydullayev vafot etdi
12 dekabr