Tramp 13 kishini o‘ldirgan harbiyni otib tashlashni buyurdi
Olam
−
18:16 2221 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp 2009 yilda Texas shtatidagi Fort-Hud harbiy bazasida 13 kishini o‘ldirgan sobiq harbiy, psixiatr Nidal Hasanni otishma guruhi orqali qatl etishni ma’qulladi. Bu haqda kecha, 5 oktyabr kuni Pentagon ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Tramp bunday qarorni AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegsetning tavsiyasidan so‘ng qabul qilgan. Hasanning qachon va qayerda qatl etilishini AQSH armiyasi kotibi belgilaydi.
Ma’lum qilinishicha, Nidal Hasan 2013 yil avgustida harbiy sud tomonidan 45 ta band bo‘yicha aybdor deb topilib, o‘lim jazosiga hukm qilingan. U 2009 yil noyabrida Fort-Huddagi tibbiyot muassasasida lazerli nishonga ega to‘pponcha bilan harbiy xizmatchilarga qarata o‘t ochgan.
Hujum oqibatida 12 nafar faol xizmatdagi harbiy va bir nafar iste’fodagi harbiy halok bo‘lgan, 32 kishi yaralangan. Hujum Hasan Afg‘onistonga xizmatga yuborilishi rejalashtirilganidan bir necha hafta oldin sodir bo‘lgan.
Hozir 56 yoshda bo‘lgan Hasan qo‘lga olinishi vaqtida politsiya tomonidan o‘qqa tutilgan. Shundan so‘ng u qisman falaj bo‘lib qolgan va nogironlar aravachasidan foydalanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, otishma guruhi orqali qatl etish usuli AQSHda federal darajadagi eng og‘ir jinoyatlar uchun qo‘llanadigan jazo usullari qatoriga yaqinda qo‘shilgan. Bunga o‘limga olib keluvchi in’eksiya uchun zarur dorilarni topish tobora qiyinlashayotgani ham sabab bo‘lgan. Harbiy xizmatchilarni qatl etish AQSHda juda kam uchraydi. Mamlakatning Harbiy adliya kodeksiga ko‘ra, harbiy sud tomonidan chiqarilgan o‘lim jazosi Prezident tomonidan tasdiqlanmaguncha ijro etilishi mumkin emas.
Agar Hasan qatl etilsa, bu AQSHda 1961 yildan beri amalga oshirilgan ilk harbiy qatl bo‘ladi. 1961 yilda harbiy xizmatchi osib o‘ldirilgan. AQSHda harbiy otishma guruhi tomonidan amalga oshirilgan so‘nggi ma’lum qatl esa 1945 yil noyabrida o‘tkazilgan.
Ayni paytda AQSHning kamida beshta shtatida otishma guruhi orqali qatl etish qonunchilikda nazarda tutilgan. 2025 yilda Janubiy Karolina shtatida 15 yil ichida AQSHda ilk bor mahbus otishma guruhi orqali qatl etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Tennessi shtatida 1995 yilda qotillik sodir etgani uchun o‘lim jazosiga hukm qilingan Krista Geyl Payk ikki doza o‘limga olib keluvchi preparat yuborilganiga qaramay, tirik qolgandi.