Tramp Hormuzni uchinchi bor “Amerika hududi“ deb atadi (video)
Olam
−
11:16 788 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Hormuz bo‘g‘ozini hozirda “Amerika hududi” deb hisoblashini aytdi. Bu haqda u kecha, 21 avgust kuni Janubiy Karolinadagi saylovoldi mitingida so‘z ochdi.
“Biz hatto g‘alaba qozondikmi-yo‘qmi, bilmaymiz, chunki men hozir Hormuz bo‘g‘ozini Amerika hududi deb hisoblayman”, degan Tramp.
U, shuningdek, Eronni yana bombardimon qilish haqida hazil qilgan.
“Bugun juma oqshomi. Bizda hali ko‘p vaqt bor. Yana nima qilishim kerak? Borib, Eronni yana biroz bombardimon qilaymi?” degan AQSH Prezidenti.
Trampning aytishicha, AQSH Hormuz bo‘g‘ozini blokada orqali nazorat qilmoqda. Uning ta’kidlashicha, Vashington xohlamasa, hech qanday kema bo‘g‘ozdan o‘ta olmaydi.
AQSH Markaziy qo‘mondonligining ma’lum qilishicha, 21 avgust holatiga ko‘ra, AQSH kuchlari blokadaga rioya qilish uchun 68 ta tijoriy kemaning yo‘nalishini o‘zgartirgan.
Ma’lumot uchun, Hormuz bo‘g‘ozi Eron va Ummon o‘rtasida joylashgan bo‘lib, dunyoda dengiz orqali tashiladigan neftning qariyb beshdan bir qismi ushbu hudud orqali o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, Tramp joriy yilning 14 avgust kuni Hormuz bo‘g‘ozini AQSH hududi deb e’lon qilishi mumkinligini aytgandi. Keyinchalik u ijtimoiy tarmoqda bo‘g‘oz “AQSHning yangi hududi” sifatida ko‘rsatilgan xaritani ham e’lon qilgandi.
Live
Barchasi