Tramp Hormuz bo‘g‘ozini AQSH hududi deb e’lon qilmoqchi (video)
Olam
−
10:13 1446 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Hormuz bo‘g‘ozini AQSH hududi deb e’lon qilishi mumkinligini aytdi. Bu haqda Tramp kecha, 14 avgust kuni Nyu-York shtatining Long-Aylend hududidagi politsiya akademiyasida qilgan nutqi davomida so‘z ochdi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Eron ustidan g‘alaba qozonganidan so‘ng Hormuz bo‘g‘ozi maqomi bo‘yicha yangi qaror qabul qilishi mumkin.
“Yaqin orada Hormuz bo‘g‘ozini AQSH hududi deb e’lon qilaman. Aslida ham shunday. Bo‘g‘oz ustidan blokada o‘rnatilgan va biz istamasak, hech bir kema o‘ta olmaydi”, degan Tramp.
Ushbu bayonot AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokaralar natijasiz yakunlanayotgan bir paytda yangragan. Tehron Hormuz bo‘g‘ozini to‘liq ochish uchun AQSHdan urush oqibatida yetkazilgan zararlarni qoplash, sanksiyalarni bekor qilish va muzlatilgan aktivlarni qaytarishni talab qilmoqda.
Eron Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kozim G‘aribobodiy esa Trampning so‘zlariga munosabat bildirib, Hormuz bo‘g‘ozini ochish yoki yopish masalasi faqat Eron vakolatiga kirishini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Hormuz bo‘g‘ozi Fors ko‘rfazini Ummon ko‘rfazi bilan bog‘laydigan strategik suv yo‘li bo‘lib, dunyo bozoriga yetkazib berilayotgan neftning qariyb 20 foizi aynan shu hudud orqali tashiladi. Urush boshlanganidan buyon bo‘g‘ozdagi cheklovlar energiya narxlarining oshishiga ham sabab bo‘lmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Hormuz bo‘g‘ozi minalardan to‘liq tozalanganini va bo‘g‘oz 100 foiz AQSH harbiy-dengiz kuchlari nazoratida ekanini ma’lum qilgan edi.