Tramp Hormuz bo‘g‘ozini AQSH hududi deb e’lon qildi
Olam
−
19:22 762 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Hormuz bo‘g‘ozini AQSH hududi deb e’lon qildi. U bugun, 18 avgust kuni o‘zining TruthSocial sahifasida bo‘g‘oz xaritasini “AQSHning yangi hududi” degan yozuv bilan joylashtirdi.
Tramp Hormuz bo‘g‘ozini AQSH hududi deb e’lon qilish rejasi haqida 14 avgust kuni aytgan edi. O‘shanda Oq uy rahbari bu haqdagi e’lon Eron bilan urush tugaganidan keyin bo‘lishini qayd etgandi.

Ertasi kuni Eron Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kozim G‘aribobodiy ushbu suv arteriyasini egallab olib bo‘lmasligini ma’lum qildi.
“Hormuz bo‘g‘ozini tvit bilan ham, aviatashuvchi bilan ham, farmon yoki saylovoldi nutqi bilan ham egallab bo‘lmaydi”, deydi u.
Amerika Prezidenti sahifasidagi post chop etilgach, G‘aribobodiy Tramp Hormuz bo‘g‘ozini AQSH hududi deb atab adashayotganini va Eron tez orada buni tuzatishini aytdi.
“Tramp boqiy Fors ko‘rfazi nomini to‘g‘ri yozgani kabi, yaqin orada uning Hormuz bo‘g‘ozi borasidagi yanglishishi yoki tuzatiladi, yoki bu adashgan odamning yanglishishlarini o‘zimiz tuzatamiz”, deb yozdi u X’dagi sahifasida.
Yaqin Sharqdagi ko‘plab mamlakatlarda ko‘rfaz Arabiston yoki Arab ko‘rfazi deb ataladi. Eron bunday nomlanishlarga qarshi chiqadi. Fors ko‘rfazi – zamonaviy Eron hududida joylashgan Qadimgi Fors davlati sharafiga qo‘yilgan an’anaviy geografik nomdir.
Ma’lumot uchun, aksariyat mamlakatlar Hormuz bo‘g‘ozini xalqaro kemalar qatnovi hududi deb hisoblaydi. U yerda xavfsizlik xalqaro dengiz huquqi, xususan, BMTning 1982 yilgi Dengiz huquqi bo‘yicha konvensiyasining (1994 yilda kuchga kirgan) 37-moddasi bilan kafolatlanadi. Shu bilan birga, Eron ham, AQSH ham ushbu bitimni ratifikatsiya qilmagan va ikkala tomon ushbu hududda kemalar qatnovini tartibga solishning huquqiy rejimini turlicha baholaydi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning may oyida “The Associated Press” ikki amerikalik mulozimga tayanib, AQSH Fors ko‘rfazini Arab yoki Arabiston ko‘rfazi deb atashini xabar qilgan edi. Keyinchalik Tramp Eron ushbu qadamga “qat’iy e’tiroz bildirishini” bildirgani sababli Fors ko‘rfazi nomini Arab ko‘rfaziga o‘zgartirish rejasidan voz kechdi.
Live
Barchasi