Tojikistonning Xorug‘ shahrida otishma bo‘lyapti – OAV
Olam
−
25 noyabr 2021
37131Tojikiston. Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatining ma’muriy markazi hisoblangan Xorug‘da aholi shaharning markaziy maydoniga yig‘ildi. Ular Roshtqal’a tumanida yashovchi Gulbiddin Ziyobekovni otib o‘ldirgan huquq-tartibot organlari xodimlarini javobgarlikka tortishni talab qilmoqda. Bu haqda “Aziya-Plyus” nashri yozmoqda.
Qayd etilishicha, guvohlar Xorug‘dagi maydonda miting chog‘ida o‘t ochilgani haqida xabar bergan. Namoyishchilardan 6 kishi yaralangan, manbaga ko‘ra, bir kishi halok bo‘lgan. Uning jasadi Gulbiddin Ziyobekovning jasadi yoniga qo‘yilgan. Bundan tashqari, Roshtqal’a tumanida yashovchi yana bir shaxs bedarak yo‘qolgan.
Tojikiston Ichki ishlar vazirligi hozircha voqealarga izoh bermagan. Xorug‘liklarning so‘zlariga ko‘ra, miting Roshtqal’a tumani Tavdem mahallasida yashovchi Gulbiddin Ziyobekovning o‘ldirilgani sabab boshlangan.
Voqea guvohlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, bugun, 25 noyabr kuni soat 11:30 da Ziyobekovning uyiga huquq-tartibot idoralari vakillari kelgan. Ular Ziyobekovni hibsga olmoqchi bo‘lgan, biroq Ziyobekov ularga qarshilik ko‘rsatgan.
Bunga javoban Maxsus maqsadli mobil otryad (OMON) xodimlari o‘t ochgan, oqibatda 3 kishi otib o‘ldirilgan. Ulardan biri Taygun qishlog‘ida yashovchi fuqaro bo‘lib, huquq-tartibot idoralari xodimlariga xatti-harakatlari noqonuniy ekanini aytgan. Ikkinchisi ham Rozik ismli mahalliy aholi vakili bo‘lgan. Gulbiddinning o‘zi, guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, yarador bo‘lgan, OMON xodimlari yaradorni mashinaga o‘tqazib qo‘ygan va keyin uning o‘limi haqida xabar bergan.
Nega OMON Gulbiddinni qo‘lga olmoqchi edi?
Tog‘li Badaxshon avtonom viloyati prokuraturasining matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bugun, 25 noyabr kuni soat 11:30 da Tavdem qishlog‘ida yashovchi 1992 yilda tug‘ilgan Gulbiddin Ziyobekov qo‘lga olish vaqtida o‘zi bilan noqonuniy ravishda olib yurgan “Makarov” to‘pponchasidan huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga qurolli qarshilik ko‘rsatgan. Qayd etilishicha, u Tojikiston respublikasi Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bilan ayblanib qidiruvda bo‘lgan. Xususan, Gulbiddin Ziyobekov Jinoyat kodeksining 181-moddasi 3-qismi (uyushgan guruh bo‘lib, garovga olish) hamda 189-moddasi 3-qismida (ijtimoiy, irqiy, milliy, mintaqaviy, diniy (konfessiyaviy) adovatni qo‘zg‘atish) ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan bo‘lgan.
Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, Ziyobekov Roshtqal’a tumani prokurori yordamchisi A.Abirzodani 2020 yil fevral oyida garovga olib, shu tumanning Barjangal qishlog‘ida 8 soat davomida ushlab turgan. Shu bilan birga, Ziyobekov prokuror yordamchisini kaltaklagan. Mazkur epizod yuzasidan Ziyobekov va uning sheriklariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchilar tergovchilarning qayta-qayta qo‘ng‘iroqlariga e’tibor qilmagan va ko‘rsatma ham bermagan.
Mitingda ishtirok etayotgan xorug‘liklardan birining so‘zlariga ko‘ra, aslida Ziyobekov boshchiligidagi guruh prokuratura xodimini Roshtqal’a tumanida yashovchi qizlardan biriga tegajog‘lik qilgani uchun garovga olgan.
LiveBarchasi