Tojikistonlik yo‘lto‘sar chegarachilar qirg‘izistonlikni “asirga” oldi
Olam
−
22 dekabr 2021
11781Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara xizmati bugun, 22 dekabr kuni davlat chegarasining qirg‘iz-tojik uchastkasida qurol qo‘llanishi bilan bog‘liq hodisa ro‘y bergani haqida xabar qildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘iziston fuqarosi “KamAZ” yuk mashinasini Botken viloyatining Leylek tumanidagi “Maqsat-Jashtik” avtoyo‘li (yo‘l qirg‘iz-tojik davlat chegarasi bo‘ylab o‘tadi – tahr.) bo‘ylab boshqarib ketayotgan bo‘lgan. Haydovchi ariqdan suv olish uchun to‘xtaydi. O‘shanda uch nafar tojikistonlik harbiy xizmatchi unga yaqinlashib, mashinaga o‘tirib, Tojikiston hududiga borishni talab qilgan. Haydovchi tojik chegarachilari bilan birga yo‘l bo‘ylab harakatlanishda davom etgan.
Haydovchi e’tiborni jalb qilish maqsadida kutilmaganda yo‘l bo‘ylab ketayotgan boshqa mashinaning yo‘lini to‘sib, tojikistonlik harbiylar tomonidan qo‘lga olinganini aytib baqirishga muvaffaq bo‘lgan. Tojik chegarachilari mashinadan tushishgan, haydovchi esa harakatni davom ettirgan.
Tojikistonlik harbiylar “KamAZ”ga o‘t ochgan, silindr va old oynaga qarata 3 marta o‘q uzilgan.
“Tojikiston chegarachilari qurol qo‘llashi natijasida haydovchi oyna bo‘laklaridan jarohatlangan”, deyiladi xabarda.
Ayni damda Leylek uchastkasi bo‘yicha Qirg‘iziston va Ganchinskiy uchastkasi bo‘yicha Tojikiston chegara vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tmoqda.
“Qirg‘iziston Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara xizmati davlat chegarasining ushbu uchastkasidagi vaziyatni nazorat qilmoqda”, chegara xizmati.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 dekabr kuni ham qirg‘iz-tojik chegarasida qurol ishlatish bilan bog‘liq hodisa sodir bo‘lgandi. Qirg‘iziston fuqarolari Botken viloyatining Botken tumani, Kocho-Boyu hududida qurilish ishlarini olib borgan. Voqea joyiga Tojikiston chegarachilari yetib kelgan va qurilishni to‘xtatishni talab qila boshlagan. Og‘zaki tortishuv janjalga aylanib ketgan. Janjal chog‘ida tojikistonlik harbiylardan biri “Makarov” to‘pponchasi bilan havoga to‘rt marta o‘q uzgan.
LiveBarchasi