Tojikistondagi tartibsizliklarda “jinoiy avtoritet” halok bo‘ldi – IIV

Olam

image

Tojikistonning Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati (TBMV) markazi Xorug‘ shahridagi “ichki mojaro” natijasida uyushgan jinoiy guruh (UJG) rahbari Mamadbokir Mamadbokirov vafot etdi. Bu xaqda Tojikiston Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Voqea yuzasidan surishtiruv ishlari boshlangan. Mamlakat hukumati Mamadkarimovni TBMVda joriy yilning 16 may oqshomida boshlangan norozilik namoyishlarining asosiy tashkilotchilaridan biri sifatida ko‘rsatmoqda.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, uyushgan jinoiy guruh rahbari, kecha, 22 may kuni mahalliy vaqt bilan soat 17:30 da Yuqori Xorug‘ tumanining Xorug‘ shahrida ichki mojaro natijasida halok bo‘lgan. 

“Voqea yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borildi”, deyiladi IIV xabarida tafsilotlari keltirilmay.

Mamadbokir Mamadbokirov – chegara xizmati faxriysi. U Xitoy bilan chegarada giyohvand moddalar savdosiga qarshi qattiq kurash olib borishi bilan tanilgan. "Avtoritet"ning aytishicha, uning ishdan bo‘shatilishiga aynan shu sabab bo‘lgan, chunki kontrabandani yuqori martabali amaldorlar nazorat qilgan. O‘z navbatda, hukumat Mamadbokirovni faqatgina uyushgan jinoiy guruh rahbarlaridan biri deb ta’riflaydi. Mamadbokirov TBMVning norasmiy rahbarlaridan biri sifatida ham ko‘riladi.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning mart oyi o‘rtalarida Tog‘li Badaxshon ma’muriy markazi Xorug‘ shahri aholisi viloyat rahbari Alisher Mirzonabotning iste’foga chiqishini talab qilganidan so‘ng, mintaqadagi vaziyat keskinlashgan. Viloyat rahbari iste’foga chiqmagan taqdirda, badaxshonliklar norozilik namoyishlarini boshlashga va’da berishdi. Rasmiylar talablarni noqonuniy deb e’lon qildi va namoyishlarda ishtirok etish terrorchilik harakati sifatida baholanishini aytgan. 

16 may kuni namoyishchilar Xorug‘ markazidagi viloyat hokimligiga bordi, biroq xavfsizlik kuchlari ularning yo‘lini to‘sib qo‘ygandi. Ular namoyishchilarga qarshi rezina o‘q va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan. Ijtimoiy tarmoqlarda harbiy qurollar ham qo‘llanilgani, oqibatda bir kishi halok bo‘lgani, bir necha kishi yaralangani haqida xabarlar tarqalgandi.  

18 may kuni Tog‘li Badaxshonning Rushon tumanida 200 ga yaqin odam Dushanbe-Xorug‘ avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygan, “aksilterror operatsiyasi” boshlangan. 

IIV ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgacha 8 nafar jangari yo‘q qilingan va 114 nafari qo‘lga olingan.

Sevinch To‘xtaboyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

443

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing