Tojikistondagi Rog‘un GES loyihasida ekologik standartlar buzilgani aniqlandi

Olam

image

Jahon banki va boshqa xalqaro taraqqiyot banklari tomonidan milliardlab kreditlar ajratish rejalashtirilayotgan Tojikistondagi Rog‘un GES qurilishi loyihasi ijtimoiy va ekologik standartlarga mos emas. Bu haqda “Chegarasiz daryolar” xalqaro ekologik koalitsiyasi ma’lum qildi.

Kecha, 23 oktyabr kuni “Chegarasiz daryolar” xalqaro ekologik koalitsiyasi “Rog‘un GES loyihasi: Jahon banki talablariga nomuvofiqlik bo‘yicha hisobot” deb nomlangan hujjatni ochiq kirish uchun e’lon qildi. Unda Tojikistondagi Rog‘un GES qurilishi loyihasini moliyalashtirishga tayyorgarlik ko‘rilayotganda Jahon bankining ekologik va ijtimoiy standartlariga rioya qilinmagani haqida ma’lum qilingan.

Ekologlar bankning olti muhim standartlarini buzish holatlarini aniqlagan. Ular – umumiy ekologik baholash qoidalari bo‘yicha, biologik xilma-xillikni saqlash, resurslardan samarali foydalanish, to‘g‘onlar xavfsizligi, jamoatchilik ishtiroki va odamlarning majburiy ko‘chirilishi, shuningdek, bankning investitsiya loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha ekologik va ijtimoiy siyosatiga rioya qilinmasligi.

Qayd etilishicha, vaziyatni yanada og‘irlashtirayotgan holat shundaki, Jahon banki barcha moliyalashtiruvchi tashkilotlar nomidan Rog‘un GES loyihasi uchun ekologik va ijtimoiy kafolatlar ishlab chiqish mas’uliyatini o‘z zimmasiga olgan (ular orasida Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki va boshqalar mavjud). Bunday yondashuvga rozi bo‘lgan boshqa moliyaviy tashkilotlar shu tariqa Jahon banki standartlarini o‘zlarining shunga o‘xshash standartlariga teng deb tan olgan. Shunday qilib, agar bu standartlar buzilsa, loyiha ishtirokchisi bo‘lgan boshqa o‘nlab moliyaviy tashkilotlar standartlari ham buziladi.

“Biz ishonamizki, taklif etilgan Rog‘un GES loyihasi Jahon bankining ijtimoiy-ekologik tamoyillariga mos kelmaydi va hozirgi ko‘rinishda xalqaro taraqqiyot banklari tomonidan moliyalashtirilmasligi kerak”, dedi “Chegarasiz daryolar” xalqaro ekologik koalitsiyasi koordinatori Yevgeniy Simonov.

Simonovga ko‘ra, Bank standartlari va protseduralariga rioya qilinmagani tufayli loyihaga ko‘plab samarasiz va xavfli elementlar kiritilgan bo‘lib, ular amalga oshirish jarayonida jiddiy ekologik va ijtimoiy zarar ko‘rilishi mumkin.

Xabarga ko‘ra, ushbu hisobot “Rog‘un xavfi” xalqaro tashabbusi doirasida tayyorlangan bo‘lib, unda butun dunyodagi jamoat ekologik tashkilotlari ishtirok etgan. Hisobot o‘tgan hafta Rog‘un GES loyihasida ishtirok etishni rejalashtirayotgan barcha xalqaro taraqqiyot banklariga yuborilgan. Kecha, 23 oktyabr kuni esa Jahon banki rahbariyatiga yirik to‘g‘onlar (jumladan, Rog‘un GES) qurilishini moliyalashtirish xavflari to‘g‘risida ochiq maktub taqdim etilgan. Unga dunyoning turli mamlakatlaridan 124 ta jamoat tashkiloti, jumladan, “Chegarasiz daryolar” ekologik koalitsiyasi imzo chekkan.

Bildirilishicha, Jahon banki allaqachon Rog‘un GES loyihasining fuqarolik jamiyati tomonidan keng ko‘lamda tanqid qilinishiga javob bermoqda. Xususan, joriy yilning 28 oktyabr kuni Toshkent shahrida Rog‘un GES qurilishining havza mamlakatlariga ekologik va ijtimoiy ta’sirlari bo‘yicha xalqaro jamoatchilik maslahati o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot o‘rnida, Rog‘un GES Dushanbedan 110 km masofada Vaxsh daryosida joylashgan. Uning qurilishi 1976 yilda boshlangan, ammo SSSR parchalangach ish to‘xtab qolgan. Keyinroq Tojikiston GES qurilishi bo‘yicha ishlarni davom ettirdi. 2008 yildan 2021 yilgacha bo‘lgan davrda Rog‘un GESda rekonstruksiya, qurilish va montaj ishlariga mamlakat byudjetidan va boshqa manbalardan qariyb 3 mlrd dollar ajratilgan. Ishga tushirilgach stansiya quvvati 3,6 GVt.ni tashkil etishi va balandligi 335 metr bo‘lgan to‘g‘on dunyodagi eng baland to‘g‘onga aylanishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistondagi muvaqqat hukumat – “Tolibon” tomonidan qurilayotgan Qo‘shtepa kanalining foydalanishga topshirilishi Amudaryo havzasidagi barcha mamlakatlarning, xususan, O‘zbekistonning suv ta’minotiga haqiqiy zarba bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston Rog'un

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing