Tojikistonda barcha o‘qituvchilar harbiy xizmatdan ozod etildi
Olam
−
29 Oktabr 2025 2591 3 daqiqa
Tojikistonda “Harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritilib, endilikda maktab o‘qituvchilari kasbiy faoliyati davomida majburiy harbiy xizmatdan ozod etiladi. Ilgari bu imtiyoz faqat qishloq o‘qituvchilariga taalluqli edi. Bu haqda “Asia-Plus” xabar berdi.
Tuzatishlar Oliy Majlisi Namoyandagon tomonidan tasdiqlandi. Ular kuchga kirishi uchun Majlisi Milliy tomonidan tasdiqlanishi, Prezident tomonidan imzolanishi va rasmiy matbuotda e’lon qilinishi kerak.
Mamlakat Ta’lim va fan vazirligining nashrga ma’lum qilishicha, 15 oktyabr kuni parlament yig‘ilishida vazirning birinchi o‘rinbosari Xomid Hoshimzoda qonunga kiritilgan o‘zgartishlar loyihasini taqdim etgan. U o‘zgartirishlar o‘qituvchilar maqomini oshirish va ta’lim muassasalarida o‘qituvchilar yetishmasligini bartaraf etish maqsadida kiritilayotganini ta’kidlagan.
“O‘qituvchilar maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasining 5-moddasi 11-bandida “O‘qituvchilik faoliyati davrida majburiy harbiy xizmatni kechiktirish” bandi nazarda tutilgan”, dedi Hoshimzoda.
Shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlarni muvofiqlashtirish maqsadida “Harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunning 31-moddasi 4-bandi ikkinchi qismidagi “umumiy ta’lim qishloq maktablari” degan so‘zlar “umumiy ta’lim maktablari” degan ibora bilan almashtirilishi zarurligini ta’kidladi.
Qonunda shu paytgacha faqat oliy pedagogik ma’lumotga ega va qishloq maktablarida ishlayotgan o‘qituvchilar harbiy xizmatdan ozod qilingan edi. Endilikda qonunga kiritilgan o‘zgartishlar kuchga kirgandan so‘ng, ushbu imtiyoz ish joyidan qat’i nazar, barcha o‘qituvchilarga tatbiq etiladi.
Tojikiston maktablarida o‘qituvchilar yetishmasligi so‘nggi yillarda ham dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda. Mamlakat Ta’lim va fan vaziri Rahim Saidzodaning so‘zlariga ko‘ra, 2025-2026 o‘quv yili boshida mamlakat maktablarida 3800 dan ortiq o‘qituvchi yetishmas edi. Lekin joriy yilda OTMlarda 13 ming talaba o‘qituvchilik diplomini olgan.
Mutaxassislarning fikricha, maktablarda kadrlar tanqisligining asosiy sabablari sifatida ayrim o‘qituvchilarning majburiy harbiy xizmatga chaqirilishi, shahar va tuman rahbarlarining yer uchastkasi ajratish bo‘yicha bergan va’dalarini bajarmagani, o‘qituvchilarga berilgan boshqa imtiyozlarning amalga oshirilmagani sabab bo‘lmoqda.
Bu masalani hal etish uchun hukumat “O‘qituvchilar maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini taklif etib, u Majlisi Namoyandagon tomonidan qabul qilindi. Mazkur qonun birinchi marta o‘qituvchilarning huquqiy, ijtimoiy va moliyaviy holatini alohida me’yoriy-huquqiy hujjat bilan belgilab berdi.
“O‘qituvchilar maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning o‘tgan yili bergan topshirig‘iga asosan boshlangan edi. Prezident joriy o‘quv yili boshlanganda ta’lim sohasidagi muammolarga to‘xtalib, o‘qituvchilarning jamiyatdagi obro‘-e’tibori va mavqeyi pasayib borayotganini aytib, tegishli qonun loyihasini ishlab chiqishni topshirgandi.
Ushbu qonun o‘qituvchilarning qadr-qimmati va huquqlarini himoya qiladi va ularni maktablarda tozalash kunlari va pul yig‘ishlariga jalb qilishni taqiqlaydi. O‘qituvchilar ham haqorat va bosimdan himoyalanadi. Qolaversa, qonun ularga ijtimoiy kafolatlar, jumladan, ustuvor yer ajratish va uy-joy bilan ta’minlashni nazarda tutadi.
Live
Barchasi