Prezident o‘qituvchilar uchun yangi imkoniyatlarni e’lon qildi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 15 sentyabr kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida o‘qituvchi va murabbiylar bilan qilayotgan muloqotda pedagoglarni yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbuslarni ilgari surdi.

Tashabbuslar quyidagicha:

  • Yangi yildan boshlab kamida 15 yil stajga ega bo‘lgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi qoplab beriladi; 
  • kelgusi o‘quv yilida davlat oliygohlariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining kontrakt summasiga 30 foiz chegirma beriladi;
  • o‘qituvchilar yangi ta’lim texnologiyalarini keng qo‘llashi uchun kompyuter xaridiga 10 million so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi;
  • kelasi yildan pedagoglar uchun davlat xizmatlari to‘lovi 2 karra kamaytiriladi;
  • fan o‘qituvchilari kabi boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun ham milliy sertifikat berish tizimi joriy qilinadi. Sertifikat olganlarga har oyda 15 foiz ustama to‘lanadi;
  • bakalavr bosqichini imtiyozli diplom bilan bitirib, maktabga ishga kirganlarga avtomatik ravishda 2-malaka toifasi, magistrlarga esa 1-malaka toifasi beriladi;
  • dunyodagi TOP-300 talik oliygohlarga o‘qishga kirgan pedagoglarga 20 ming dollargacha imtiyozli ta’lim krediti ajratiladi;
  • reytingda 100 talikka kirgan maktab va bog‘cha, 20 talikdagi texnikum, TOP-10 ta oliygoh pedagoglariga yiliga bir marta O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish uchun samolyot va poyezdlar chipta narxlariga 15-20 foiz chegirma beriladi.

Oliy ta’limdagi islohotlardan asosiy maqsad – O‘zbekistonni mintaqaviy ta’lim va ilm-fan xabiga aylantirish ekani ta’kidlandi. Masalan, hozirda 4 ta oliygoh dunyodagi TOP-mingtalikka kirgan. Yaqin yillarda ularning soni 10 taga yetkaziladi.

Shu bilan birga, oliygohlarimizda xorijiy TOP-500 talik universitetlar bilan axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, agrotexnologiya, tibbiyot, “yashil” energetika kabi ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. Bundan tashqari, chet eldagi TOP-100 talikka kirgan oliygohlarning filiallari ochiladi. 

Bu maqsadlarga erishish uchun kelgusi yilda 10 dan ziyod xalqaro tashkilotlar, 500 ta nufuzli oliygoh rektorlari, 1 mingdan ortiq xalqaro ekspertlar ishtirokida Markaziy Osiyo xalqaro ta’lim forumi o‘tkaziladi. Xorijlik talabalar soni 5 barobarga oshirilib, ta’lim eksporti 200 million dollarga yetkaziladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev maktab o'qituvchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing