Tojikiston va Afg‘onistondan olib kelingan 78 kg narkotik musodara qilindi (video)

3-sahifa

image

Tojikiston va Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 78 kg giyohvandlik vositasi musodara qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

DXX xodimlari tomonidan Tojikiston Respublikasining Panjikent tumani bilan chegaradosh bo‘lgan Samarqand viloyatining Urgut tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda giyohvandlik vositalari kontrabandasi bilan shug‘ullanuvchi 1 nafar Tojikiston va 6 nafar O‘zbekiston fuqarolaridan iborat jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yilgan.

Tezkor tadbir davomida guruh a’zolaridan qo‘shni davlatdan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan 11 kg 502 gr “opiy” moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Shuningdek, ulardan 2600 AQSH dollari, 12 mln 690 ming so‘m va 850 somoni ham ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olindi. Aniqlanishicha, ular Tojikistondan keltirilgan ushbu narkotikni O‘zbekistonda sotishni rejalashtirgan.
Ta’kidlanishicha, jinoiy guruhning Urgut tumanida yashovchi 6 nafar a’zosidan 2 nafari muqaddam aynan giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyatlari uchun sudlangan shaxslar hisoblanadi. 

DXX xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa 1985 yilda tug‘ilgan Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi to‘xtatilib, uning yuk sumkasi ko‘zdan kechirildi. Natijada, sumka ichida 46 kg 738 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning jinoiy sherigi bo‘lgan, 1976 yilda tug‘ilgan Tojikiston Respublikasi fuqarosi hamda haydovchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi, 1964 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi ham ushlandi. Aniqlanishicha, mazkur giyohvandlik vositasi Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan.

Bu yo‘nalishda DXXning Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham tezkor tadbir o‘tkazdi. Xususan, Toshkent-Farg‘ona yo‘nalishida harakatlanayotgan Gentra rusumli avtomashina Pop tumani hududida joylashgan YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Natijada, Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1996 va 2001 yillarda tug‘ilgan aka-uka ketayotgan avtomashina salonida 19 kg 885 gr “gashish” moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, aka-ukaning jinoiy sherigi bo‘lgan va boshqa avtomashinada ularni kuzatib borayotgan, Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan shaxs ham qo‘lga olindi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, ular muqaddam tojikistonlik narkokur’erlar tomonidan Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hududidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan narkotik moddalarni olib ketayotganliklari ma’lum bo‘ldi.

Hozirda uchala holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qirg‘izistondan O‘zbekistonga giyohvand moddalar olib o‘tayotgan "Yovvoyi" laqabli shaxs qo‘lga olingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tojikiston Urgut gashish opiy giyohvandlik vositasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing