Tojikiston O‘zbekistondan gaz importini ko‘paytiradi
Olam
−
12 Sentabr 2020
5134Tojikistonning gaz taqsimlash kompaniyalari aholini O‘zbekistondan import qilinadigan gaz hisobiga ta’minlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqyapti. Bu haqda “Asia-Plus” xabar berdi.
“Birinchi navbatda O‘zbekistondan import qilinayotgan gazni poxtayxt va Xo‘jand shaharlari aholisiga yetkazib berish rejalashtirilmoqda”, deyiladi kompaniya xabarida.
Avvalroq “Dushanbegaz” kompaniyasi magistral gaz quvuri yonida joylashgan poytaxtdagi ba’zi uylar O‘zbekiston gazini olayotganini ma’lum qilgan. Gap shundaki, bunday uylarni quvurga ulash uchun alohida xarajat talab qilinmagan.
Ta’kidlanishicha, ayni paytda so‘nggi o‘n yilliklar davomida eskirgan infratuzilmani yangilash ishlari olib borilmoqda, shundan so‘ng gazdan boshqa iste’molchilar ham foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Kompaniya tomonidan qo‘shimcha qilinishicha, infratuzilmani yangilash uchun xavfsizlik masalasini hisobga olgan holda ko‘p xarajat talab qilinadi, chunki Dushanbedagi uylarda so‘nggi o‘n yillikda tabiiy gaz bo‘lmagan.
Tojikiston shimolidagi aholi va korxonalarni gaz bilan ta’minlovchi “Somon-So‘g‘dgaz” kompaniyasi joriy yilning oxirigacha infratuzilmani tiklash ishlarini yakunlash rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng Xo‘jand shahri hamda viloyatning boshqa shaharlari va tumanlari gaz bilan ta’minlanadi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistondan Tojikistonga gaz yetkazib berish olti yillik tanaffusdan keyin 2018 yilning aprel oyida qayta tiklangan.
Tojikiston O‘zbekiston gaz import qilishni 2019 yilda 2018 yilga qaraganda 2,6 barobarga yoki 55 million kubometrdan 140 million kubometrga oshirgan. 2018 yilda O‘zbekistondan import qilingan gaz qiymati 6,9 million dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2019 yilda uning qiymati 17,7 million dollarga yetgan.
O‘zbekiston gazining asosiy iste’molchisi Tojikiston alyuminiy zavodi hisoblanadi. Shuningdek, O‘zbekiston gazini boshqa bir qator kompaniyalar, jumladan, Dushanbe IES ham oladi.
O‘zbekiston Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2020 yilning 8 oyida Tojikiston 139,5 million kubometr tabiiy gaz olgan.
2020 yilning oxirigacha kelishuvga ko‘ra, Tojikistonga 200 million kubometr tabiiy gaz yetkazib berish rejalashtirilgan.
2021 yilda Tojikistonga yetkazib beriladigan O‘zbekiston gazining hajmi va narxi 28—29 sentyabr kunlari Dushanbeda bo‘lib o‘tadigan savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy masalalar bo‘yicha hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida muhokama qilinadi. Yig‘ilishga O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va Tojikiston Hukumati rahbari Qohir Rasulzoda raislik qiladi.
LiveBarchasi