Tojikiston-O‘zbekiston chegarasida yuk mashinalari qolib ketmoqda. Ayb kimda?
Olam
−
07 fevral
9092Tojikiston va O‘zbekiston chegarasida ko‘plab yuk mashinalari qolib ketmoqda. Haydovchilar buning asosiy sababi sifatida yuk mashinalari uchun chegarani kesib o‘tish litsenziyasi narxining oshganini ko‘rsatmoqda. Bu haqda “ASIA Plus” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Tojikistonning So‘g‘d viloyatidagi “Fotexobod” postida yuk mashinalari to‘planib qolgan. Shu yerdagi haydovchilardan birining aytishicha, 2024 yil boshidan beri ular uchun kerak bo‘lgan tegishli hujjatni olish qiyinlashgan va qimmatlashgan.
“Biz nima uchun bu qog‘oz – ruxsatnoma narxi birdaniga 100 foizga ko‘tarilib, 130 dollarga yetganini bilmaymiz. Hech kim bizga bu borada tushuntirish bermayapti”, deydi u.
Boshqa bir haydovchi esa bunday narxlar katta qiyinchiliklar tug‘dirishini aytgan.
“Xo‘janddan Toshkentga yuk tashish uchun yuk egasi yo‘l haqiga 450 dollar to‘laydi, O‘zbekistonda yuklarni tushirish uchun biz 220 dollar, ruxsatnoma uchun esa 130 dollar to‘laymiz. Bundan tashqari, Tojikistonga qaytish yo‘l haqini to‘laymiz, lekin yoqilg‘i narxi bilan bu shuncha xarajatga arzimaydi”, deb tushuntiradi haydovchi.
Ruxsatnoma O‘zbekiston tomonidan Tojikiston Transport vazirligiga yuboriladigan hujjatdir. Bu haydovchilarga xususiy xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar tomonidan taqdim etiladi.
Ayni paytda, So‘g‘d viloyati rahbari Rajabboy Ahmadzoda barcha muammolar Tojikiston Transport vazirligiga bildirilgani va masala yaqin kunlarda hal qilinishini aytmoqda.
“Ushbu masala yuzasidan Bojxona boshqarmasining viloyat hududiy boshqarmasi, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining So‘g‘d viloyati bo‘yicha Chegara xizmati bilan bog‘landik, viloyat raisi o‘rinbosari, huquq-tartibot bo‘limi boshlig‘i jalb etildi. Shuningdek, Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi orqali Tojikistonning O‘zbekistondagi elchisi Abdujabbor Rahmonzoda bilan bog‘landik. Shundan so‘ng Komissiya tuzildi. Komissiya a’zolari “Fotexobod” nazorat-o‘tkazish punktiga kelib, yig‘ilish o‘tkazdi. Mavjud muammolar mamlakat Transport vazirligi e’tiboriga havola etildi”, deydi u.
Viloyat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, kelgusida korxonalarga haydovchilarga qulay bo‘lishi uchun ruxsatnomani bank o‘tkazmasi orqali sotib olishi ko‘rsatma berilgan.
“Ushbu ruxsatnomalarni beruvchi ayrim kompaniyalarda noqonuniy xatti-harakatlar aniqlangan. Bu masala bilan mamlakat Transport vazirligi shug‘ullanmoqda. Men bu masalalarni muhokama qilish uchun Bosh vazir Kohir Rasulzoda bilan ham bog‘landim. Ishonchim komilki, tez kunlarda “Fotexobod-Oybek” nazorat-o‘tkazish punkti orqali yuk mashinalarini kesib o‘tishga ruxsat olish bilan bog‘liq muammo hal bo‘ladi”, deydi Rajabboy Ahmadzoda.
LiveBarchasi