Tojikiston Tokio Olimpiadasini medalsiz tark etdi
Sport
−
31 iyul 2021 8119 2 daqiqa
Bugun, 31 iyul kuni Tojikiston olimpiya delegatsiyasining oxirgi ikki sportchisi — boks bo‘yicha Bahodur Usmonov va yengil atletika bo‘yicha Ildar Axmadiyev musobaqada qatnashdi.
63 kg vazn toifasida birinchi davrada Dominikan Respublikasi vakili Leonela Santosa Nunesa 4:1 hisobida mag‘lub etgan Bahodur Usmonov chorak finalda o‘zbekistonlik sportchi Elnur Abduraimovga 0:5 hisobida yutqazdi.
Foto: Elnur Abduraimov (ko‘k) va Bahodur Usmonov (qizil)
Yengil atletika bo‘yicha Ildar Axmadiyev 100 metrga yugurish musobaqasida ishtirok etdi. Ushbu masofaga jami 26 kishi uchta guruhda bellashdi. Ulardan eng yaxshi natijalarni ko‘rsatgan 10 kishi yarim finalga chiqdi. Tojikiston vakili esa 10,66 soniya natijasi bilan uchinchi guruhda to‘rtinchi, 26 ishtirokchi orasida 12-o‘rinni egalladi. Bu esa musobaqani davom ettirish uchun Ildarga kamlik qildi.
100 metrga saralash poygasida eng yaxshi natijani Ummon vakili Barakat al-Xarti ko‘rsatdi — 10,27 soniya.
Foto: Ildar Axmadiyev (o‘rtada)
Shu tariqa, Tojikistondan kelgan barcha sportchilar Tokiodagi Olimpiada o‘yinlaridagi ishtirokini yakunlab, medal olish imkoniyatidan mahrum bo‘lishdi.
Ma’lumot o‘rnida, Tojikiston olimpiya terma jamoasi tarkibida o‘n nafar sportchi bor edi — Bahodur Usmonov, Shabos Negmatulloyev, Siyovush Zuxurov (boks), Somon Maxmadbekov, Akmal Murodov, Komronshox Ustopiriyon, Temur Rahimov (dzyudo), Ildar Axmadiyev (yengil atletika), Anastasiya Tyurina va Olimjon Ishanov (suzish).
Qayd etish kerakki, 23 iyul kuni boshlangan Tokio 2020 Olimpiya o‘yinlari 8 avgustgacha davom etadi. Musobaqaning to‘qqizinchi kuniga kelib, Xitoy 21 oltin, 12 kumush va 12 bronza medali bilan jadvalda birinchi o‘rinda bormoqda. Ikkinchi o‘rinda 17 oltin, 4 kumush va 8 bronza bilan Yaponiya, 3-o‘rinda ea 16 oltin, 17 kumush va 12 bronza bilan AQSH boryapti. O‘zbekiston vakillari esa 1 ta oltin va 1 dona bronza bilan 207 davlat orasida 33-o‘rinda bormoqda.
Live
Barchasi