Toshkentga qalbaki 5 ming dollar olib kirayotganlar ushlandi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Toshkent shahriga qalbaki 5 ming dollar kupyurani olib kirmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, poytaxt aeroportida “Istanbul – Olma-ota – Toshkent" yo‘nalishi bo‘yicha uchib kelgan yo‘lovchilardan biri bojxona nazoratidan yashil yo‘lak orqali harakatlanayotib, bojxona xodimlarining diqqatini tortgan.

Shundan so‘ng, ushbu shaxsning bagaji belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, bagajdagi sochiqlar orasida 5 ming AQSH dollari miqdoridagi naqd xorijiy valyuta borligi aniqlangan. Ammo, mazkur valyutalarning haqiqiyligi bojxona xodimlarida shubha uyg‘otgan.

“Bir qarashda haqiqiydek tuyulgan kupyuralarning barchasi qalbaki bo‘lib, buni qalbaki kupyuralarni aniqlashga ixtisoslashgan valyuta detektori ham tasdiqladi. Eng qizig‘i shundaki, kupyuralarning aksariyatida seriya raqamlari ham bir xil bo‘lgan”, deyiladi xabarda.

Shu kuni tezkor tadbir xalqaro aeroport avtoturargohida va Yashnobod tumanida davom ettirilib, mazkur qalbaki valyutalarni qabul qilib, egasiga yetkazishi lozim bo‘lgan shaxslar ham ketma-ket qo‘lga olingan.

Shuningdek, ulardan birining boshqaruvidagi Lacetti avtomobilini ko‘zdan kechirish davomida, old yo‘lovchi o‘rindig‘i ostida yana soxta 5 ming AQSH dollari borligi aniqlangan.

Yunusobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur qalbaki valyutalarning haqiqiy egasi ularni qabul qilib olayotgan vaqtida fosh qilingan.

Hozirda soxta dollarlar ashyoviy dalil sifatida olinib, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

60

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing