Toshkentga ichki va xalqaro qatnovlarni kengaytirish uchun 68 ta avtobus keltirildi

Jamiyat

image

Joriy yilning 18 iyun kuni “Toshkent” avtovokzaliga Xitoyning “Zhengzhou Yutong Bus Co. Ltd.” kompaniyasida ishlab chiqarilgan 68 ta YUTONG avtobusi olib kelindi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali marosimda so‘zga chiqqan Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Mahkamov, XXRning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan va boshqalar O‘zbekistonda aholiga sifatli transport xizmati ko‘rsatish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston rahbari tashabbusi bilan “Toshkent” avtovokzali tubdan rekonstruksiya qilinib, ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlandi. Mehmonxona, ona va bola, tibbiyot xonalari, savdo do‘konlari, ayollar va erkaklar uchun alohida namozxonalar tashkil etildi. 31 perron va 80 avtobus uchun joy mavjud. Vokzalda bir vaqtning o‘zida 2 mingdan ziyod yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi. Mahalliy va xalqaro yo‘nalishlarda qatnovlar yo‘lga qo‘yildi.

“Mahalliy fuqarolarimiz va xorijlik sayyohlarga zamonaviy xizmat ko‘rsatish, ularni manziliga xavfsiz va qulay sharoitlarda yetkazishga alohida e’tibor qaratayapmiz. Shu maqsadda Xitoyning “Zhengzhou Yutong Bus Co. Ltd.” kompaniyasida ishlab chiqarilgan 100 ta avtobus olib kelgan edik. Bugun ular qatoriga yana 68 ta qo‘shildi. 51 yo‘lovchiga mo‘ljallangan bu avtobuslarda yo‘lovchilar uchun barcha qulayliklar bor. Yumshoq o‘rindiqlar tepasida havo deflektori, individual yoritish chiroqlari, konditsioner, karnay joylashgan, telefonni quvvatlash qurilmasi mavjud. Bu yo‘lovchilarga juda qo‘l keladi. Ularning xavfsizligini ta’minlash uchun kuzatuv kameralari o‘rnatilgan”, dedi “Uzautotrans Service” kompaniyasi bosh direktori Saidrahim Ikromov.

Ta’kidlanishicha, hozirda “Toshkent” avtovokzalidan Samarqand, Buxoro, Yangiyer, Zomin, Jizzax, Qarshi, Qorako‘l, Gagarin, Termiz, Urganch, Denov kabi 11 shaharlararo va Qozog‘istonning Taraz, Turkiston, Ushkunur, Olmaota shaharlariga xalqaro yo‘nalishlarda muntazam avtobus qatnovlarini amalga oshirmoqda.

Tez kunlarda Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya va Qozog‘istonning yana boshqa shaharlariga xalqaro avtobus qatnovlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirgan.

Tadbirda “Uzautotrans Service” MCHJ korxonasi va Xitoyning “Zhengzhou Yutong Bus Co. Ltd.” kompaniyasi o‘rtasida haydovchi hamda texnik xodimlarning malakasini oshirish borasida ilmiy-texnik hamkorlik qilish bo‘yicha memorandum imzolandi.


Maqola muallifi

Teglar

Zhengzhou Yutong Bus Co. Ltd Toshkent avtovokzali

Baholaganlar

21

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar