Toshkentdan Moskvaga uchgan samolyot bortida yo‘lovchilari bilan aeroportda qolib ketdi
Jamiyat
−
08 mart 2023
20454Tarmoqlarda kecha, 7 mart kuni Uzbekistan Airways’ning Toshkentdan Moskvaga uchgan HY-601 reysi bortida 210 nafar yo‘lovchi bilan “Vnukovo” aeroportiga qo‘nganidan keyin to‘rt soat davomida samolyotda qolib ketgani aytilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkentdan havoga ko‘tarilgan samolyot Moskvadagi “Domodedovo” aeroportiga qo‘nishi kerak bo‘lgan. Biroq u aeroportni ikki marta aylanib, boshqa aeroportga – “Vnukovo”ga yo‘naltirilgan. Bunga noqulay ob-havo sabab qilib ko‘rsatilgan. Samolyot soat 21:38 da qo‘ngan bo‘lsada, yo‘lovchilar tushirilmagan. Negadir aeroport ham odamlarni tashish uchun avtobus ajratishdan bosh tortgan.
Yo‘lovchilar va ularning yaqinlari umidsizlikka tushib, yo‘lovchilarni qo‘yib yuborish iltimosi bilan Rossiya politsiyasi, Federal havo transporti agentligi, Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga qo‘ng‘iroq qila boshlagan. Samolyotda yo‘lovchilar orasida janjal chiqqan. Bundan tashqqari, ba’zi yo‘lovchilar o‘zini yomon his qilgan. Shundan so‘ng politsiya va shifokorlar chaqirilgan.
Bugun, 8 mart kuni esa “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi axborot xizmati hodisaga izoh bergan. Aviakompaniyaning ma’lum qilishicha, mazkur reys “Domodedovo” xalqaro aeroportida ob-havo sharoiti (qo‘nish yo‘lagining holati xavfsiz qo‘nish uchun talab qilinadigan standartlarga javob bermagani) tufayli “Vnukovo” xalqaro aeroportiga favqulodda qo‘nishni amalga oshirgan
“Ob-havo yaxshilanib, samolyot uchishga tayyor bo‘lgach, ekipaj “Domodedovo”ga parvozni e’lon qildi. Afsuski, yo‘lovchi samolyot bortida kasal bo‘lib qoldi, ekipaj shifokorlarni chaqirishga majbur bo‘ldi, bu esa jo‘nashning qo‘shimcha kechikishiga olib keldi. Ayni paytda “Domodedovo” xalqaro aeroportida ob-havo yana keskin yomonlashdi va yana kechikishga olib keldi”, deyiladi xabarda.
Shundan so‘ng, 210 yo‘lovchining barchasini “Vnukovo” xalqaro aeroportiga tushirishga qaror qilingan. “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi parvozlar xavfsizligi birinchi o‘rinda ekanini eslatib o‘tgan hamda yo‘lovchilar va kutib oluvchilarga yetkazilgan noqulayliklar uchun uzr so‘ragan.
LiveBarchasi