Toshkentdagi Yevropa yahudiylari markaziy sinagogi buziladi...mi? Usmonov imzolagan qaror sudgacha yetib bordi
Jamiyat
−
05 avgust 2020
13691O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani, Mirobod-2 ko‘chasi 15-uyda joylashgan Yevropa yahudiylari diniy jamoasining “Bet manachem” markaziy sinagogasining buzilishi yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Diniy qo‘mitaning qayd etishicha, 1973 yilda tashkil etilgan sinagog yeri Toshkent shahar hokimining 2017 yil 11 sentyabrdagi 1218-son qaroriga asosan “ABSOLUTE BUSINESS TRADE” xususiy korxonasiga doimiy foydalanishga berilgan. Ayni vaqtda Yevropa yahudiylari diniy jamoasi Toshkent shahar hokimining ushbu qaroriga qarshi chiqmoqda. Ish sudgacha yetib borgan va bugun, 5 avgust kuni mahkama bo‘lib o‘tadi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rasmiy bayonotida shunday deyiladi:
“Yurtimizda diniy sohada olib borilayotgan siyosat O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun, shuningdek, boshqa qonun va qonunosti hujjatlariga asosan olib boriladi. O‘z navbatida, har bir diniy tashkilotning huquqiy maqomga ega bo‘lgan holda o‘z mulkiga ega bo‘lish huquqi bo‘lib, uning to‘liq ta’minlanishi yuqorida ko‘rsatilgan qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etiladi.
So‘nggi vaqtlarda ba’zi bir xorijiy ommaviy axborot vositalarida hamda internet sahifalarida Toshkent shahridagi yevropa yahudiylari diniy jamoasining huquqiy mulki hisoblangan hududning guyoki “noqonuniy tortib olish bo‘yicha hatti-harakatlar” bo‘layotganligi xususida ma’lumotlar uchramoqda.
Ma’lumot uchun, Toshkent shahar Yevropa yahudiylari diniy jamoasi Toshkent shahar adliya boshqarmasi tomonidan 1998 yil 29 oktyabrda 116-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Diniy tashkilot Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, 2-Mirobod ko‘chasi, 15-uy manzilida joylashgan. Ibodatxona joylashgan bino 1929 yilda qurilgan.
Masala shundaki, Toshkent shahar hokimining 2017 yil 11 sentyabrdagi 1218-son qaroriga asosan, Yakkasaroy tumani, Mirobod ko‘chasi bo‘yida hamda Mirobod tumani, Mirobod va Nukus ko‘chalari kesishuvi yonida joylashgan mavjud binolarning buzilishi hisobiga va yetkazilgan zararni o‘rnatilgan tartibda qoplash sharti bilan pastki qavatlarida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi joylashgan ko‘p qavatli turar-joy binolari qurish uchun maydoni 6,0 gektarli yer maydoni “ABSOLUTE BUSINESS TRADE” xususiy korxonasiga doimiy foydalanishga berilgan.
“ABSOLUTE BUSINESS TRADE” xususiy korxonasi 2-Mirobod ko‘chasi, 13, 15 va 17-uylarni buzish hisobiga yetkazilgan zararni o‘rnatilgan tartibda qoplash maqsadida Toshkent shahar Yevropa yahudiylari diniy jamoasi bilan kelishuvga erisholmaganligi natijasida joriy yilning iyun oyida Toshkent shahar tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan. Sud majlisi joriy yilning 5 avgust sanasida bo‘lib o‘tishi belgilangan.
Shu o‘rinda, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq din ishlari sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishga mas’ul asosiy davlat tashkiloti sifatida Respublikamiz hududida rasmiy faoliyat olib borayotgan har bir konfessiyaning haq-huquqlarini qonun doirasida himoya qilishga tayyor ekanini bildiradi.
Shundan kelib chiqib, yuqoridagi holat ham tegishli soha mutaxassislari ishtirokida, tezkorlik bilan, o‘z vaqtida, to‘liq o‘rganib chiqildi hamda huquqiy jihatdan mulkchilikka egalik qilish bo‘yicha diniy tashkilotning haq-huquqlari so‘zsiz ta’minlanishi uchun barcha amaliy sa’y-harakatlar olib borildi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasining ko‘p konfessiyali davlat ekanini inobatga olgan holda, qolaversa har qanday konfessiya vakillarining haq-huquqlari to‘liq qonun bilan himoya qilinishi nuqtai nazaridan, joriy yil 5 avgust sanasida bo‘lib o‘tadigan sud jarayonida ham eng muhim mezon – qonun ustuvorligi to‘liq ta’minlanadi, deb ishonch bildiramiz”.
Eslatib o‘tamiz, sinagog joylashgan maydonni xususiy shirkatga berish haqidagi qarora Toshkent shahrining sobiq hokimi Rahmonbek Usmonov tomonidan imzolangan.
LiveBarchasi