O‘quvchi qiz o‘z kollejida do‘pposlandi. Ish bosti-bosti qilinyapti...mi?

Jamiyat

image

Ta’lim muassasalari – maktab, litsey va kasb hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasidagi janjallar jinoyatchilikning bugungi ahvoli, uning oldini olishga qaratilgan chora tadbirlar qanchalik to‘g‘ri amalga oshirilayotgani va mutasaddilar o‘z vazifasini qay darajada ado etayotganini ko‘rsatadi. 

Toshkentda kollej o‘quvchilarining janjallariga, pichoqbozliklariga odatlanib qoldik. Biroq, qizlar o‘rtasidagi mojarolar ko‘p hollarda yashiriladi. Huddi Mirobod kompyuter texnologiyalari kasb-hunar kolleji qizlarining janjali kabi. 

Gap shundaki, joriy yilning 8 fevral kuni Mirobod kompyuter texnologiyalari kasb-hunar kollejining 3-kurs qizlari E. va G. o‘rtasida o‘zaro mojaro chiqadi. 

2000 yilda tug‘ilgan E. dugonalari bilan suhbatlashib o‘tirgan vaqtda xonaga G. kirib keladi va do‘q bilan suhbatni to‘xtatishlarini, kayfiyati yo‘qligini aytadi. E. esa kayfiyati bo‘lmasa boshqalarga buning ta’sirini o‘tkazmaslik kerakligini maslahat beradi. Bundan g‘azablangan G. o‘zidan 3 yosh katta opasi Sh.ni himoyaga chaqiradi. 

Tushdan keyin yetib kelgan Sh. E.ni sinfxonaga olib kiradi va xonani ichkaridan qulflaydi. Bunda unga yana 4 qiz yordamchilik qiladi. Qizlar E.ning qo‘l oyoqlarini tutib turadi. G.ning opasi Sh. esa E.ni xumordan chiqquncha do‘pposlaydi. Sochidan tortib, boshini devorga uradi. Bu orada qiz hushidan ketadi. 

Mojaroning boshlanishiga o‘qituvchilardan biri guvoh bo‘lgan. U sinf rahbariga xabar berishga uringan. Biroq, janjaldan na sinf rahbarining, na kollej ma’muriyatining xabari bo‘lgan. 

Qiziq, kollejdagilar, direktor, ma’muriyatning ko‘zi qayerda? Shumi xavfsizlik, shumi nazorat? Kollejlarga istagan odam, istagan vaqtida kirib, yana xonani ichidan qulflab xohlagan ishini qilib chiqib ketaversa... Kollej rahbariyati bu vaqtda nima bilan band bo‘lgan? Eng qizig‘i voqealar soat 14:00 da atrofida, ayni ish, dars vaqtida sodir bo‘lgan. 

QALAMPIR.UZ’ga yetib kelgan ma’lumotlarga qaraganda, kaltaklangan qizning ota-onasi bo‘lgan voqealardan bir kun o‘tib xabar topgan. Qiz uyida bir necha bor hushidan ketgan. U qattiq qo‘rquvda bo‘lgani uchun janjal haqida miq etmagan. Ota-ona E.ni shifoxonaga olib borishgan. Shifokorlar tan jarohati yetkazilgani tashhisini qo‘yib, IIBBga xabar berishgan. 

Kimningdir kissasidan 20 ming so‘m o‘g‘irlanganiyu yo‘l patrul xizmati xodimiga nisbatan hurmatsilik haqida xabar berishni kanda qilmaydigan Toshkent shahar IIBB Matbuot  xizmati negadir bu voqea haqida so‘z ochmadi. Balki, tuman IIBdan xabar kelib tushmay, ishlar bosti-bosti qilishga harakat qilingandir. 

QALAMPIR.UZ voqea tafsilotlarini o‘rganmoqda. 
 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Mirobod komp'yuter texnologiyalari kasb-hunar kolleji

Baholaganlar

315

Reyting

3.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing