Toshkentdagi uchta oliygoh o‘rnida bitta yangi universitet tashkil etiladi
Jamiyat
−
23 aprel
16201Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Toshkent davlat stomatologiya instituti tugatilib, ularning o‘rniga yangi Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etiladi. Bu haqda kecha, 22 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan “Tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda so‘z boradi.
Ushbu qarorga ko‘ra:
- Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Toshkent davlat stomatologiya instituti negizida Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etiladi;
- Toshkent tibbiyot akademiyasining markaziy ilmiy-tekshirish laboratoriyasi negizida Tibbiyot ilmiy-innovatsion tadqiqot instituti faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
- Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filiali Urganch davlat tibbiyot instituti etib qayta tashkil etiladi;
- Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi va Toshkent davlat stomatologiya instituti klinikasi Toshkent davlat tibbiyot universiteti klinikalari etib qayta nomlanadi;
- Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz va Chirchiq filiallari Toshkent davlat tibbiyot universitetining Termiz va Chirchiq filiallari etib qayta nomlanadi;
- Toshkent tibbiyot akademiyasi akademik litseyi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi va Toshkent davlat stomatologiya instituti akademik litseyi Toshkent davlat tibbiyot universitetining 1-, 2- va 3-son akademik litseylari etib qayta nomlanadi.
Bildirilishicha, ta’lim dasturlarini xalqaro tibbiy ta’lim standartlariga muvofiqlashtirib, kompetensiyalarga asoslangan tibbiy ta’lim dasturlarini joriy etish universitetning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan.
Qayd etilishicha, 2025-2026 o‘quv yilidan Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Toshkent davlat stomatologiya institutida tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini yangi tashkil qilinayotgan universitetda davom ettiradi hamda bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda universitet diplomi beriladi.
Shu bilan birga, universitet tuzilmasida homiylik xayriyalari hisobidan to‘ldiriladigan Toshkent davlat tibbiyot universitetini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.
LiveBarchasi