Toshkentdagi sobiq Turkuaz sotuvga qo‘yilyapti
Jamiyat
−
09 may 2020
6793O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Toshkent shahrida bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektlaridan samarali foydalanish, investitsiyalarni jalb qilish asosida ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha farmoyishi qabul qilindi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Adliya vazirligi, Moliya vazirligi va Toshkent shahar hokimligining Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Chorsu maydoni, 3a-uy manzilidagi “Toshkent savdo markazi” MCHJga operativ boshqaruv huquqi bilan tegishli bo‘lgan savdo markazining bino va inshootlarini belgilangan tartibda ommaviy savdolar orqali sotish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan jalb etilgan baholash tashkilotining hisobotiga ko‘ra, ob’ekt 303,5 mlrd so‘mga baholangan hamda mazkur baholash hisoboti ekspertiza natijasiga asosan haqqoniy deb topilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ob’ektning 303,5 mlrd so‘m miqdoridagi boshlang‘ich narxda “E-ijro auksion” elektron savdo maydonchasida savdoga qo‘yilishini ta’minlaydi.
Bunda ob’ekt ikki oy davomida “E-ijro auksion” elektron savdo maydonchasida sotilmagan taqdirda, uni sotish Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasi qarorida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Farmoyishning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari - iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.A. Qo‘chqorov, O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori S.X. Bekenov va Toshkent shahar hokimi J.A. Ortiqxo‘jayev zimmasiga yuklandi.
LiveBarchasi