Toshkentdagi podstansiyada avariya: 9000 iste’molchi “svet”siz qoldi
Jamiyat
−
24 noyabr 2023
10555Bugun, 24 noyabr kuni Toshkent shahri Olmazor tumanida joylashgan “Sag‘bon” podstansiyasidagi mavjud yuqori kuchlanishli elektr qurilmasida favqulodda avariya holati sodir bo‘ldi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Toshkent shahar filiali xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bugun soat 11:40 da sodir bo‘lgan holat haligacha bartaraf etilmagan. Hozirda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Toshkent shahar filiali mutaxassislari tomonidan ushbu nosozlikni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.
Avariya oqibatida Olmazor tumanining Qoraqamish 1/2, 1/3, 2/1, 2/4, 3/2 mavzelari hamda Toshkent tumani Keles yo‘li ko‘chasi iste’molchilari (9000 iste’molchi) qisman elektr ta’minotidan uzilgan.
AJ mutaxassislari shuningdek, ushbu avariyaning yuzaga kelish sabablarini ham ochiqladi.
Aniqlanishicha, olib borilayotgan modernizatsiya ishlari jarayonida, ya’ni quvvati 40 000 kVA bo‘lgan yangi kuch transformatorini almashtirish vaqtida ta’minot vaqtinchalik ikkinchi transformatorga o‘tkazilgani uchun tarmoqda yuklama oshib ketgan va bu favqulodda holat yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan.
LiveBarchasi