Toshkentdagi mushtlashuv ishtirokchilari o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘limi tomonidan tergov qilinyapti – BP
Jamiyat
−
12 iyun 2019
5539Avvalroq, Toshkent shahar prokurori Farhod Boboniyozov Toshkentda ro‘y bergan ommaviy mushtlashuv haqida bergan ma’lumotlarini e’lon qilgan edik. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mazkur jinoyat ishiga aloqadorlar o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan tergov qilinayotganini ochiqladi.
Bosh prokuratura bayonotida qayd etilishicha, Toshkent shahar prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan 1992 yilda tug‘ilgan B.K. va K.K.larga nisbatan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jumladan, ular joriy yilning 5 iyun kuni soat 19:50da Mirobod tumani, Farg‘ona Yo‘li ko‘chasida joylashgan “OSIYO BURGER” ovqatlanish shoxobchasining turargohida bo‘lib, 1991 yilda tug‘ilgan I.J. bilan muqaddam bo‘lgan o‘zaro kelishmovchilik oqibatida, B.K. o‘zining boshqaruvidagi Nexia-3 rusumli avtomashinada I.J.ni qasddan urib yuborgan. So‘ng K.K. o‘zi bilan olib kelgan pichoq bilan I.J.ni qasddan o‘ldirishni o‘ziga maqsad qilib, bezorilik oqibatida tanasining turli joylariga bir necha marotaba jarohatlarni yetkazib, voqea joyidan yashiringanlar.
Joriy yilning 7 iyun kuni B.K. va K.K.lar jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingan va tegishli protsessual tartibda ushlanganlar.
8 iyun kuni B.K. va K.K.lar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 2-qismi “l” bandi bilan ayblov e’lon qilingan va qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Ushbu jinoyatga aloqasi bo‘lgan va bevosita qatnashgan boshqa shaxslar tergov-tezkor yo‘li bilan tekshirilmoqda.
Jinoyat ishi bo‘yicha tegishli ekspertizalari tayinlangan bo‘lib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
LiveBarchasi