Rossiyalik jurnalist o‘lik holda topilgan Toshkentdagi mehmonxona egasi 8 yilga qamaldi
3-sahifa
−
25 iyul 10918 3 daqiqa
O‘tgan yil oktyabr oyida “Lenta” nashri va “Profil” jurnalida faoliyat yuritgan rossiyalik jurnalist Inessa Papernaya Toshkent shahridagi “Karaman Palace” mehmonxonasida o‘lik holda topilgandi. Ushbu ish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi tomonidan sud hukmi chiqarildi. QALAMPIR.UZ sud hukmi bilan tanishdi.
Ma’lum qilinishicha, mehmonxona egasi A.X. bahosi yangisiga qaraganda ancha arzon bo‘lgan isitish qozonlarini o‘rnatishni maqsad qilib, internetda shunday isitish qozonlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi A.Yu. bilan uchrashadi. U bilan “Remeha” rusumli suv isitish qozonlarining narxi xususida kelisha olmagach, mehmonxona egasi undan xam arzonroq qozonlarni izlashni davom ettirib, aynan A.Yu.dan sotib olib, lekin bahosini arzonroq narxda sotish bilan shug‘ullanib kelayotgan Z.J. bilan uchrashadi.
U eski qozonlarni o‘rnatish bilan shug‘ullanuvchi, tegishli ruxsatnoma, amaliy tajriba va uquvga ega bo‘lmagan N.K. orqali eski qozonlar ichidan tanlab, 3 dona “Remeha” va 2 dona “Nefit” rusumli eski suv isitish qozonlarini tanlab oladi.
Biroq bu uskunalarda isitish qozonidan chiqaruvchi gazlar va yonish uchun zarur bo‘lgan xavoni kiritish quvur adapteri, kondensat suvlarni yonish qozonidan chiqib kanalizatsiya quvuriga ulanganida quvuriga zaxarli gazlarni o‘tishini oldini oluvchi sifon, kondensatni va klapandan oqqan suvlarni kanalizatsiyaga xavfsiz yetkazish trubkasi, qozonning texnik reglamentga mosligi, muvofiqlik belgisi, texnik pasporti mavjud bo‘lmagan.
2024 yil avgust oyida A.X. “Karaman Palace” mehmonxona binosi va uning xonalari texnik jihatdan talabga javob bermasa-da, o‘zboshimchalik bilan N.K.ga yuqorida ko‘rsatilgan eskirgan 2 dona “Remeha” rusumli qozonlarni mehmonxonaga o‘rnatish haqida topshiriq bergan. N.K. ham ushbu topshiriqqa asosan o‘rnatib, isitish qozonlarini sifonsiz to‘g‘ridan to‘g‘ri kanalizatsiya quvuriga ulab qo‘ygan.
Buning oqibatida 20 oktyabr kuni mehmonxonaning 206-sonli xonasining yuvinish xonasida Rossiya Federatsiyasi fuqarolari Maksim Vadimovich Radchenko va Inessa Viktorovna Papernaya hamda 105-sonli xonaning yuvinish xonasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Xushnud Nurullayevich Udekov is gazidan zaharlanib, vafot etgan.
Sud hukmi bilan sudlanuvchilar A.X., A.Yu., Z.J. va N.K. Jinoyat kodeksining 186-moddasi (Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) 4-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, mehmonxona egasi A.X. 8 yilga, qolgan sudlanuvchilar A.Yu., Z.J. va N.K. 3 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
Shuningdek, jabrlanuvchi Maksim Radchenkoning qonuniy vakili foydasiga 60 mln 688 ming so‘m, jabrlanuvchi Inessa Papernayaning qonuniy vakili foydasiga 67 mln 588 ming so‘m undirilishi belgilangan. Marhum Xushnud Udekovning qonuniy vakili esa sudlanuvchilarga nisbatan moddiy da’vosi yo‘qligi bildirgan.