Toshkentdagi masjid minorasi kimga yoqmay qoldi?

Jamiyat

Toshkentning Olmazor tumani Sag‘bon ko‘chasida “Islomobod” masjidi qurilishi boshlangani va ushbu masjid fuqarolar tomonidan yig‘ilgan ehson hisobidan amalga oshirilayotgani xabar qilingandi. Umumiy yer maydoni 6000 kv m tashkil etuvchi ushbu masjid 4 ta minoraga ega ekanligi bilan O‘zbekistonda yagona bo‘lishi kutilmoqda.

Ammo kecha, 2 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda ushbu masjidning orqa tomonidagi ikkita minorasini noma’lum sabablarga ko‘ra buzish boshlangani haqida xabarlar tarqaldi. Hukumatning bir so‘m pulisiz, aholi tomonidan yig‘ilgan ehson evaziga qurilayotgan masjid minoralarining buzilishi aholining jiddiy e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Videoda minoralar buzilishi yuzasidan izoh berayotgan Abdulloh domla masjidning qurilishida ishlatilayotgan oq marmar toshlari juda qimmat ekanligi uchun minoralar soni ikkitaga kamaytirilayotganini aytganini ko‘rish mumkin. Biroq fuqarolar bu sabab bo‘lmasligini, buzishlar ortida kimningdir qo‘li borligini aytib, qat’iy turib olgan.

Hattoki minoralarni buzayotgan ustalar ham qaysi buyruq asosida ishni boshlashganini bilishmaydi, shu jumladan, qurilish brigadasi rahbari Mahammadjon Umarov ham.

“Kecha masjidning minoralari buzilayotgani haqidagi video internetda tarqalib, katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Fuqarolar norozilik bilan kelishganidan keyin buzish ishlari to‘xtadi. Hozir hech qayer buzilmayapti. Ayni damda qurish ishlari jadallik bilan amalga oshirilmoqda. Minoralarni buzish buyrug‘ini kim berganini shaxsan men bilmayman. Ustalar kelib “Bizga buyruq bo‘ldi”, deb buzishni boshlashdi”, deydi qurilish rahbari Mahammadjon Umarov.

Holat yuzasidan Olmazor tuman hokimyati bilan bog‘lanib ushbu vaziyat yuzasidan munosabat berishlarini so‘raganimizda, minoraning buzish ishlari hokimyat tomonidan amalga oshirilmayotganini, shu sababli ham ular bu to‘g‘risida hech qanday ma’lumot bera olmasliklarini bildirishdi. 

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining Matbuot xizmati bilan bog‘lanib ma’lumot olishga urindik. Lekin ushbu tashkilot ham holat yuzasidan hech qanday munosabat bera olmadi. Agarda kechgacha kutsak, biror ma’lumot bo‘lishi bilan bizga ma’lum qilishlarini aytishdi.

Fuqarolar Islomobod masjidining ikki minorasi buzilayotgani sababli norozilik bildirib chiqqanidan keyin buzish ishlari kechga yaqin to‘xtagan. Qurilish brigadasi rahbarining aytishiga qaraganda endi ushbu qulatilgan qism boshqatdan quriladi. 

Eslatib o‘tamiz, ushbu masjid qurilish 2019 yilning oktyabr oyida boshlangan edi. Sig‘imi jihatdan O‘zbekistonda yagona bo‘lishi kutilayotgan Islomobod masjidining xonaqoh qismi 8 ming fuqaroni, hovlisidagi joylar bilan hisoblaganda esa 13 ming nafar nomozxonni sig‘dira oladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

532

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing