Toshkentdagi kafeda xitoylik erkak 36 yoshli ayolni urdi

3-sahifa

image
0:00
0:00
download

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan kafeda xitoylik erkak 36 yoshli ayolni oila a’zolari o‘rtasida urdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, 6 yanvar kuni soat 18:00 larda 39 yoshli Xitoy fuqarosi S.V. Mirzo Ulug‘bek tumani Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida joylashgan kafeda jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, ushbu kafeda oila a’zolari bilan ovqatlanib o‘tirgan 36 yoshli K.D. bilan o‘zaro janjallashib qolgan. Oqibatda xitoylik erkak K.D.ning bosh qismiga o‘ng qo‘lini musht qilgan holda bir marta zarba berib, tan jarohati yetkazgan.

Sud tibbiy ekspertiza xulosasida K.D.da yengil turdagi tan jarohatlari mavjudligi ko‘rsatilgan.

Aniqlanishicha, S.V. hamda K.D. ushbu kafeda navbatlarini bo‘lisha olmay qolgan. Shu vaqtda S.V. fuqaro K.D.ni ingliz tilida haqorat qilgani sabab janjal ko‘tarilib, tortishuv oqibatida S.V. uni urib, tan jarohat yetkazgan.

Tergov departamenti ilova qilgan suratda jabrlanuvchining jinsi ayol ekanini bilish mumkin.

Xabarga ko‘ra, holat yuzasidan S.V.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 1-qismi (bezorilik) bilan jinoyat ish qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov davom etmoqda.

Ma’lumot uchun, bu turdagi jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksining normalariga ko‘ra, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

2384

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing