Toshkentdagi ikki mehmonxona xususiylashtirildi

Jamiyat

image

Toshkent shahrida joylashgan International hamda Lotte City Hotel mehmonxonalaridagi 100 foizlik davlat ulushi sotildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Poytaxtning Yunusobod tumanidagi International mehmonxonasi 26 million dollarga “Smart Fast Stroy” MCHJga sotilgan. Investor ushbu summadan tashqari mehmonxonaning tegishli bank oldidagi 14,7 million yevrolik kreditini ham o‘z zimmasiga olgan, shuningdek, 41 million dollardan ortiq investitsiya kiritish majburiyatini olgan.

Mehmonxonani sotib olgan ushbu MCHJ 2023 yil avgust oyida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. 2023 yil 21 dekabr holatiga ko‘ra, Smart Fast Stroy kompaniyasining yagona ta’sischisi va rahbari Muhiddin Usmon o‘g‘li Muhiddinov bo‘lgan, hozirda esa MCHJ Aleksandr Valerevich Zaxaryanga tegishli, kompaniya rahbari sifatida Temur Zokirov ko‘rsatilgan. Aleksandr Zaxaryan Octo, Octopay, Octotelecom, Octo Games, Octo SMP, Octo Integro va Finance Invest Brok kompaniyalarining ham egasi hisoblanadi.

International mehmonxonasini sotib olishga 6 ta kompaniya qiziqish bildirgan, lekin ulardan faqat 3 tasi majburiyatga ega takliflar yo‘llagan. Xususiylashtirish jarayoniga konsultant sifatida Deloitte, mustaqil baholovchi sifatida Ernst & Young jalb etilgan. Agentlikka ko‘ra, 26 million dollarlik narx – Ernst & Young baholagan qiymatdan sezilarli yuqori, Deloitte bergan qiymatlar diapazonining yuqori qismida joylashgan.

Yunusobod tumanida joylashgan yana bir mehmonxona – Lotte City Hotel Tashkent esa 20 million dollar taklif qilgan Alfa Invest sug‘urta kompaniyasiga sotilgan.

Rasmiy xabarda aytilishicha, ob’ektni xususiylashtirishga 15 ta kompaniya qiziqish bildirgan, ammo ulardan faqat 3 tasi majburiyatga ega bo‘lgan takliflar bilan chiqqan.

“Lotte” mehmonxonasi tashqi ko‘rinishining arxitektura qiyofasini inobatga olgan holda kelgusida har qanday qurilish-ta’mirlash va rekonstruksiya ishlarini Qurilish vazirligi va Madaniy meros agentligi bilan kelishgan holda amalga oshirish bo‘yicha qat’iy talab qo‘yilgan va investor bu talabni qabul qilgan.

Davlat mulkini sotishda KPMG konsultant bo‘lgan, Deloitte mustaqil baholashni amalga oshirgan. 20 million dollarlik narx – Deloitte baholagan qiymatdan yuqori, KPMG bergan qiymatlar diapazonining yuqori qismida joylashgani aytilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

International Lotte City Hotel

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing