Toshkentdagi giyohvand moddalar reklamasining buyurtmachisi aniqlandi
Jamiyat
−
23 noyabr 2019
7468Avvalroq, Toshkent ko‘chalarida giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi sayt reklamasi paydo bo‘lgani haqida xabar bergan edik. Shundan so‘ng, Toshkent shahar IIBB vaziyat nazoratga olingani va tekshiruv boshlanganini ma’lum qildi.
IIBB va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining Toshkent shahar boshqarmasi bilan o‘tkazilgan surishtiruv natijasida Yashnobod tumanidagi reklama uchun buyurtmani 48 yoshli Sh.Sh. olgani va bajargani ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, reklama uchun buyurtmani tashqi reklama tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi firma rahbari Samarqand viloyatilik S.X. bergani o‘rganilgan.
Shunday reklama Toshkentdan tashqari S.X. buyurtmasi bilan Samarqandda ham o‘rnatilgan. Hozirda u olib tashlangan.
29 yoshl S.X. reklama uchun buyurtmani internet orqali rossiyalik blogerdan olganini, buning uchun uning bankdagi hisobiga pul o‘tkazib berilganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bloger unga bosib chiqarish uchun tayyor holdagi reklamani yuborgan.
Sh.Sh.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 178-1-moddasi 2-qismi (Fuqarolar va mansabdor shaxslar tomonidan noto‘g‘ri reklama berganlik, tashqi reklamani joylashtirish tartibiga rioya qilmaganlik yoki aksilreklama berishdan bosh tortganlik, xuddi shuningdek reklama qilinishi qonun hujjatlari bilan taqiqlangan mahsulotni reklama qilganlik) bilan bayonnoma tuzilgan.
S.X.ga nisbatan ham O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 178-1-moddasi 2-qismi bilan bayonnoma tuzilgan.
Toshkent shahar IIBB bunday reklamalarning joylashtirilishi mumkinligi haqida boshqa hududiy boshqarmalarni ham ogohlantirgan.
Qayd etilishicha, chet eldagi buyurtmachini aniqlash ishlari davom ettirilyapti. Shuningdek, buyurtmachi va ijrochi reklamaning asl maqsadidan xabardor bo‘lganmi, yo‘qmi bu ham o‘rganilyapti.
LiveBarchasi