Toshkentdagi fojiali yong‘in: “parkovka” muammosi sabab qutqaruvchilar yo‘lda qolib ketdi (video)

3-sahifa

−

image

Bugun, 24 oktyabrga o‘tar kechasi Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi ko‘p qavatli uylardan birida sodir bo‘lgan yong‘in sababli 1 kishi halok bo‘ldi. Ushbu yong‘in sababli hodisa joyiga chaqirilgan qutqaruvchilar avtomobili ko‘p qavatli uylar oldidagi yo‘llarda mashinalarning tartibsiz qo‘yib tashlangani sababli yurishga qiynaldi. QALAMPIR.UZ holatga aniqlik kiritish maqsadida Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi matbuot kotibi Zuhriddin Qurbonov bilan bog‘landi.

Uning bildirishicha, rostdan ham favqulodda vaziyat xodimlari voqea joyiga yetib borish uchun qiynalgan va bunga yo‘lga avtomobillarning tartibsiz qo‘yib tashlangani sabab bo‘lgan. Shunga qaramay, qutqaruvchilar avtomobildan tushib, hodisa joyiga yugurib yetib borgan. Guvohlar olgan tasvirlarda ham qutqaruvchilarning hodisa joyiga yugurib ketayotganini ko‘rish mumkin.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, soat 01:33 da Toshkent shahar FVBBga Uchtepa tumani, Yusuf Sakkokiy ko‘chasida joylashgan turarjoy majmuasidagi xonadonlardan birida yong‘in sodir bo‘layotgani haqida xabar kelib tushgan. Xabar asosida yong‘in-qutqaruv ekipajlari zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, yong‘inni soat 01:52 da bartaraf etgan. Yong‘in oqibatida xonadonning uy jihozlari zararlangan. Voqea joyida bir nafar fuqaroning jasadi aniqlangan. Hozirda holat yuzasidan tegishli organlar tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hodisa sabablari va boshqa tafsilotlarni aniqlash bo‘yicha tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Guvohlarning aytishicha, ko‘p qavatli uylar uchun alohida avtoturargoh mavjud emas. Ko‘p qavatli uylar yaqinidagi avtoturargoh esa pulli va shu sababli u bo‘sh turibdi.

Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in Uchtepa tumanidagi “O‘rikzor residence” turarjoy majmuasidagi 13-uyda sodir bo‘lgan. Majmua 2018 yil 12 iyunda ro‘yxatdan o‘tgan “Land house” MCHJ tomonidan qurilgan.

Shuningdek, qayd etish joiz, O‘zbekistonda amaldagi qonunchilikda, xususan, Shaharsozlik kodeksida quruvchilar uchun ko‘p qavatli uylar bilan birga avtoturargoh qurish majburiyati nazarda tutilmagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda turarjoy binolari qurilishiga yangi talablarni ishlab chiqish rejalashtirilgandi. Xususan, bu jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan 2025 yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasida nazarda tutilgan edi. Unga ko‘ra, 2025 yil sentabr oyiga qadar ko‘p xonadonli turar joy binolarini loyihalash, qurish va foydalanishga topshirish jarayonida avtomobillar uchun yerosti to‘xtash joylarini tashkil etishni nazarda tutuvchi hujjat loyihasini ishlab chiqish taklif etilgan. Shuningdek, davlat dasturi to‘g‘risidagi Prezident qarori loyihasida yerusti avtoturargohlar ham qayd etilgan. Biroq bu masala bo‘yicha ishlar hozirgi kunda kun tartibida emas.

Bundan tashqari, 2023 yilga mo‘ljallangan davlat dasturi to‘g‘risidagi qarorda ham turarjoy binolari, ijtimoiy va savdo ob’ektlarini loyihalash va qurishda avtoturargohlar, jumladan, ko‘p qavatli va yerosti to‘xtash joylarini tashkil etish majburiy bo‘lishi ko‘zda tutilgandi. Biroq o‘shanda ham Shaharsozlik kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilmagan.

Ammo Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining joriy yilning aprelida chiqarilgan “Ko‘p kvartirali uylarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘iga ko‘ra, avtotransport vositalarini ko‘p qavatli uylarning (o‘t o‘chirish, tez yordam va boshqa favqulodda vaziyatlarda xizmat ko‘rsatuvchi mashinalar xizmat faoliyati vaqti bundan mustasno) kirish yo‘laklari qarshisida hamda kirishga to‘sqinlik qiladigan joylarda qo‘yish taqiqlangan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing