Toshkentdagi cho‘kkan yo‘lga avtobus tushib ketdi
Olam
−
15 Sentabr 2025 9691 1 daqiqa
Bugun, 15 sentyabr kuni Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida yo‘lning cho‘kkan qismiga avtobus tushib ketdi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” AJ xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, soat 05:40larda Mirzo Ulug‘bek tumani, Gulsanam ko‘chasida harakatlanib ketayotgan 101-sonli yo‘nalishdagi avtobus TTZ bozori bekatida to‘xtash chog‘ida yo‘l qatnov qismida yuzaga kelgan cho‘kish oqibatida o‘ng tomoni bilan yerga botib qolgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, avvalroq suv quvurlari o‘tkazilgani va suv sizib chiqishi oqibatida yo‘l qatnov qismining mustahkamligi pasaygan, avtobus og‘irligi esa cho‘kishga sabab bo‘lgan.
Voqea joyiga 5-Avtobus saroyi rahbari va mas’ul xodimlar yetib borib, tegishli choralar ko‘rilgan. Soat 10:10 ga kelib avtobus cho‘kkan joyidan chiqarib olingan.
“Mazkur hodisa oqibatida yo‘lovchilar orasida tan jarohati olganlar yo‘q. Hozirda avtobus to‘liq soz holatga keltirilib, sanitar ishlov berilgach, yo‘nalishdagi xizmatini davom ettirmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyati, Bog‘dod tumanida o‘tgan yilning avgust oyida ta’mirlangan yo‘l mashinalar o‘tayotganida o‘pirilib ketgandi.
Live
Barchasi