Toshkentdagi bog‘chalar karantin sabab yopildimi?
Jamiyat
−
08:52 3124 1 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi ayrim maktabgacha ta’lim tashkilotlarida karantin joriy etilishi mumkinligi haqida turli xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi bayonot berdi.
Ma’lum qilinishicha, hozirgi kunda Toshkent shahrida karantin e’lon qilinishiga sabab bo‘ladigan xavfli yuqumli kasalliklar bo‘yicha epidemiologik vaziyat barqaror.
Ijtimoiy tarmoqlarda aytilayotgan turli kasalliklar (qizamiq, meningit, gepatit, sil va boshqalar) bo‘yicha karantin e’lon qilinishi zaruratini keltirib chiqaradigan holatlar mavjud emas.
“Shuni ta’kidlash lozimki, har yili qishki mavsumda gripp va O‘RVI bilan kasallanish holatlari aholida mavsumiy ravishda ko‘payadi. Shu sababli ta’lim tashkilotlarida bolalar salomatligini himoya qilish maqsadida ertalabki filtr (saralash) ishlari, tana haroratini o‘lchash, kasallik belgilari bor bolalarni vaqtincha ajratish, ota-onalarga tavsiyalar berish kabi profilaktik choralar olib boriladi. Ayni shu filtr jarayonlari ayrim fuqarolar tomonidan karantin sifatida noto‘g‘ri talqin qilingan”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nipah virusi sababli O‘zbekistonga Hindistondan hayvonlar va qushlarni olib kelish taqiqlangandi.
Live
Barchasi