Toshkentdagi badbo‘y hid sabab 22 nafar mas’ulga ma’muriy ish qo‘zg‘atildi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Toshkentning Sergeli tumani hududida anqiyotgan badbo‘y hid yuzasidan 22 nafar mas’ulga ma’muriy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Farhod Dehqonov aytib o‘tdi.

Mas’ulning so‘zlariga ko‘ra, Sergeli tumani hududida ba’zi paytlari kuzatilayotgan badbo‘y hidni bartaraf qilish maqsadida “Toshkent shahar suv ta’minot” MCHJ taqdim qilgan potensial xavfli korxonalar ro‘yxati bo‘yicha Bektemir va Salar oqova suv tozalash inshootlariga texnik suvlarni tashlovchi korxonalarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha biznes-ombudsman ruxsatiga asosan tekshiruvlar amalga oshirilgan.

Uning natijalariga ko‘ra, korxona va tashkilotlarning 22 nafar mas’ullariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalari bilan ma’muriy ishlar qo‘zg‘atilgan.

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, korxonalarda lokal oqova tozalash tizimini ishga tushirish, ularni ta’mirlash va samarali ishlashini ta’minlash yuzasidan qisqa muddatda bajarilishi lozim bo‘lgan majburiy ko‘rsatmalar berilgan.

Bektemir tumanida joylashgan 9 ta korxona tomonidan berilgan majburiy ko‘rsatmalar o‘z vaqtida bajarilmaganligi sababli davlat ekologik ekspertizasining belgilangan muddatdan oldin amal qilishini to‘xtatish va shahar kanalizatsiya tarmog‘idan uzish maqsadida Toshkent shahar iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritilgan.

Salar oqova suv tozalash inshootiga ishlab chiqarish oqova suvlarini tashlovchi 18 ta korxonadan 11 tasida tekshirishlar amalga oshirilgan. Me’yor darajasida tozalanmagan oqova tashlayotgan korxonalar faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Sergeli badbo'y hid

Baholaganlar

98

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing