Toshkentdagi ba’zi ko‘chalarda tezlik 50 kmgacha etib belgilanishi kutilyapti
Jamiyat
−
29 Sentabr 2022
5079Poytaxt Toshkentning Kichik halqa avtomobil yo‘li ichida joylashgan barcha ko‘chalarda transport vositalarining harakat tezligini soatiga 60 kmgacha cheklanishi kutilmoqda. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining Sanoat, transport, qurilish, kommunal soha va aholiga xizmat ko‘rsatish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi, Toshkent shahar IIBB YHXB hamda sohaga oid tegishli tashkilotlar mutaxassislari bilan birgalikda Kengashning 2022 yil 23 sentyabrdagi “Toshkent shahrining ayrim ko‘chalarida transport vositalarining yuqori tezligini soatiga 60 kilometrgacha cheklash masalasini ko‘rib chiqish to‘g‘risida”gi VI-70-247-14-0-K/22-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida poytaxt ko‘chalarida o‘rganishlar o‘tkazilgan.
Bugun, 29 sentyabr kuni Sanoat, transport, qurilish, kommunal soha va aholiga xizmat ko‘rsatish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi majlisida mazkur masala atroflicha muhokama qilingan.
Gap shundaki, Toshkent shahar Kengashining 70-sessiyasida Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan Amir Temur, Farg‘ona yo‘li, Shota Rustaveli, Yangi Sergeli, Bobur va Bunyodkor ko‘chalarida transport vositalarining yuqori tezligini 60 kmgacha cheklash masalasi kiritilgan edi.
Deputatlar masalani yanada chuqur va atroflicha o‘rganish, zarur bo‘lsa tezlikni yanada kamaytirish maqsadida bu ishga tegishli mutaxassislarni ham jalb etish taklifini bildirgan. Shundan keyin doimiy komissiya va IIBB YHXB tomonidan Kichik halqa avtomobil yo‘li ichida joylashgan barcha ko‘chalarda transport vositalarining harakat tezligini soatiga 60 kmgacha cheklash maqsadga muvofiq, deb topildi.
Shu bilan birga, ba’zi ko‘chalarda harakat xavfsizligini to‘laqonli ta’minlash, o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport holdisalarining oldini olish va kamaytirish, shuningdek, harakat ishtirokchilari uchun yetarli darajada qulay sharoitlar yaratish maqsadida trasport vositalarining harakat tezligini soatiga 50 kmgacha cheklash maqsadga muvofiq ,deb hisoblandi. Bular jumlasiga Alisher Navoiy, Mahtumquli, Amir Temur, Kichik halqa avtomobil yo‘li, Islom Karimov, Taras Shevchenko, Bobur va Furqat ko‘chalarining bir qismi va Amir Temur xiyoboni aylanma yo‘li kiradi.
Doimiy komissiyada mazkur masalani xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdagi sessiyasi kun tartibiga kiritish ma’qullandi.
LiveBarchasi