Toshkentdagi ayrim “zapravka”larga gaz berish to‘xtatildi 

Jamiyat

image

Bugun, 29 dekabr kuni Toshkent shahridagi ayrim avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH) noqonuniy faoliyat yuritib kelayotgani aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Yangihayot tumanida joylashgan “Energomashtrans impex” (“Shaffof”) mas’uliyati cheklangan jamiyatga AGTKSH o‘zboshimchalik bilan belgilangan o‘chirish grafigiga rioya etmagan holda o‘rnatilgan bir martalik tamg‘alarni buzgan. Mazkur MCHJ ko‘cha yoritish chiroqlarini o‘chirgan holda yashirincha faoliyat ko‘rsatib kelgan.

Ushbu AGTKSH bugungi kunga qadar 2 marotaba qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygani sababli, unga joriy yilning 4 dekabr kuni 50 400 metr kub (50,4 mln so‘m) va 21 dekabr kuni 921 600 metr kub (921,6 mln so‘m) qayta hisob-kitob qilingan. 

Bugun esa AGTKSHning modem qurilmasi o‘chirilgani va tabiiy gazdan o‘zboshimchalik bilan foydalanib kelayotgani sababli 460 800 metr kub (460,8 mln so‘m) qo‘shimcha hisob-kitob qilindi hamda tabiiy gaz yetkazib berish to‘xtatildi.

Shuningdek, Sergeli tumanida joylashgan “MEGA OIL BIZNES” MCHJga qarashli AGTKSH belgilangan o‘chirish grafigiga rioya etmagan holda o‘zboshimchalik bilan faoliyat ko‘rsatib kelgan.

Ushbu AGTKSHning gaz hisoblagichi belgilangan tartibga ko‘ra, ulanish nuqtasida joylashishi o‘rniga shoxobcha hududida o‘rnatilgan. Tadbir davomida AGTKSHning gaz hisoblagichini ko‘zdan kechirish imkoniyati bo‘lmagan. Shu sababli ASKUG tizimi orqali o‘rganilganda, “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatining metrologlari tomonidan gaz hisoblagichning parametrlari o‘zgartirilgani bo‘yicha xulosa qilindi.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur AGTKSH belgilangan kunlik gaz sarfini yashirincha kamaytirib ko‘rsatib kelgan. Unga tabiiy gaz yetkazib berish to‘xtatildi.

“Aniqlangan holatlar yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

341

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing