Toshkentda jurnalistga nisbatan qo‘zg‘atilgan ma’muriy ish tugatildi

Jamiyat

image

Avvalroq, Toshkent shahrida reportaj tayyorlashga borgan jurnalist ichki ishlar xodimlari tomonidan asossiz olib ketilib, bir necha soat davomida idorada ushlab turilgani va unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bo‘yicha javobgarlik belgilangani haqida xabar qilgandik. Endilikda jurnalistga nisbatan qo‘zg‘atilgan ma’muriy ish tugatildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lum qildi.

“Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudining 2024 yil 16 yanvardagi qaroriga muvofiq Mixail Dovlatovning harakatida ma’muriy huquqbuzarlik alomati yo‘qligi sababli, unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi bilan yuritilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish MJtKning 271-moddasi (ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni istisno etuvchi holatlar) 1-bandiga asosan tugatildi”, deydi Obidov.

Ma’lumot uchun, jurnalist Mixail Dovlatov bilan bog‘liq holat 14 yanvar kuni Toshkent shahrining Uchtepa tumanida sodir bo‘lgan. U 11-dahada istiqomat qiluvchi aholi bilan uchrashishi kerak bo‘lgan. O‘z navbatida, fuqarolar 150 ga yaqin garaj hamda 98 ta daraxt o‘rniga bolalar bog‘chasi qurilayotgani to‘g‘risida ma’lumot berishi rejalashtirilgan. Dovlatov aholi bilan soat 13:00 da voqea joyida uchrashishga kelishgan. Shuningdek, u yerda Uchtepa tumani hokimligi vakillari, ekolog va boshqa ekspertlar taklif etilgan.

Biroq jurnalist avtoturargohga kirishdan 50 metr narida bir guruh erkaklarga ko‘zi tushgan. 

“Ularning ayrimlari huquq-tartibot organlarining formasida edi, shuningdek, Isuzu avtozaki ham turardi. Ular yonidan o‘tar ekanman, menga murojaat qilishayotganini eshitib qoldim, o‘girilganimda fuqarolik kiyimidagi bittasi yana meni chaqirdi. Yoniga borib, gap nimada ekanini bilmoqchi bo‘ldim. U esa bu yerda chekish taqiqlanishini aytdi. Men atrofda tamaki chekishni taqiqlaydigan biror belgi yo‘qligini bildirdim. U bo‘lsa, bu yer jamoat joyi hisoblanishi va bu yerda chekish umuman mumkin emasligini ta’kidladi…”, deydi jurnalist.

Shundan so‘ng, xodimlar jurnalistni tumanning 2-sonli ichki ishlar idorasiga olib borgan hamda telefon va texnikalarini olib qo‘ygan. Idorada undan nima uchun miting tashkillashtirmoqchi ekani so‘ralgan. Dovlatov bir necha soat IIO FMBda ushlab turilgach, jurnalistga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bo‘yicha javobgarlik belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, voqeadan xabar topgan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Bosh prokuraturaga so‘rov xati yuborgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent jurnalist Uchtepa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing