Toshkentda “zakladchik” bo‘lib ishlagan maktab o‘quvchisi ushlandi (video)

3-sahifa

image

Rossiyadan O‘zbekistonga sintetik giyohvandlik vositalarini kontrabanda yo‘li bilan olib kirishni rejalashtirgan transmilliy jinoiy tarmoqqa aloqador bir guruh shaxslar qo‘lga olindi. Ulardan katta miqdorda alfa-PVP va boshqa giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 2009 yilda tug‘ilgan, maktab o‘quvchisi bo‘lgan voyaga yetmagan shaxs qo‘lga olingan. Ma’lum bo‘lishicha, u internet-narkodo‘konda “omborchi” vazifasini bajarib kelgan va Rossiyadan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan giyohvandlik vositalarini Yandex xizmati orqali qabul qilgan.

Mazkur 17 yoshli bola Chilonzor tumanida harakatlanayotgan vaqtida ushlangan. Uning yonidagi arra uskunasi ichiga yashirilgan 180 gramm alfa-PVP aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

Tezkor tadbir davomida voyaga yetmagan shaxsning 2 nafar sherigi ham Chilonzor tumanida giyohvandlik vositalarini yashirilgan joydan olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Shuningdek, ularning Telegram akkauntlari tekshirilganda, oldinroq olti joyga “zakladka” usulida gashish moyi yashirilgani aniqlangan va ushbu giyohvandlik vositalari ham ashyoviy dalil sifatida olingan.

Tergov-qidiruv tadbirlari davomida 1992 yilda tug‘ilgan, internet-narkodo‘konda “omborchi” bo‘lib ishlagan yana bir shaxs ham qo‘lga olingan. U giyohvandlik vositalarini Yandex xizmati orqali qabul qilib, yashash xonadoniga olib borayotgan vaqtda ushlangan.

Mazkur shaxsning uyidagi perforator ichida yashirilgan 500 gramm alfa-PVP, shuningdek, boshqa xonadonda yashirilgan yana 50 gramm alfa-PVP aniqlangan.

Keyingi tezkor tadbirlar Yunusobod tumanida davom ettirilib, 1999 yilda tug‘ilgan, avval Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) 3-qismi bilan sudlangan yana bir shaxs qo‘lga olingan. U Telegram’dagi narkodo‘konda “omborchi” vazifasini bajargani va kurator ko‘rsatmasi bilan yashirilgan joydan 500 gramm alfa-PVP’ni olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Bildirilishicha, mazkur holatlar yuzasidan jinoiy harakat sodir etgan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 6-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoroda 843 million so‘mlik “spays” musodara qilingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing